
Ivan Boshkovich: "Futbolda birinchi navbatda natija kerak"
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi 1-turda “So‘g‘diyona” safarda “Qo‘qon-1912”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytdi. Kubok bahslarini g‘alaba bilan boshlagan jizzaxliklar ustozi Ivan Boshkovich uchrashuvdan so‘ng quyidagicha munosabat bildirdi.
- O‘yin qiyin bo‘ldi. Kubok bahslarida favoritlarga qarshi o‘ynash ancha qiyin hisoblanadi. Shuni bilgandik va shunga yarasha harakat qildik. Ammo birinchi taym men kutgandek bo‘lmadi. Biz o‘z darajamizda o‘ynamadik. Texnik xatolarga yo‘l qo‘ydik. Shunday bo‘lsa ham imkon qadar harakat qildik. Umumiy ma’noda, yomon emas. Harqalay biz ikkita gol urdik. Imkoniyatlarimizdan foydalandik. “Qo‘qon-1912”ni yaxshi jamoa ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Bunday klubga qarshi oxirigacha o‘ynash ancha qiyin. Umumiy ma’noda natijadan qoniqdim. Oldimizda yana boshqa uchrashuvlar bor. Albatta, guruhdan chiqishga harakat qilamiz. Eng asosiysi, natija. Muxlislarimizni tabriklayman. O‘z o‘rnida aytmoqchimanki, Qo‘qonda yaxshi jamoa shakllanibdi.
- Siz yoshlar bilan yaxshi ishlaysiz va natijalar ham ijobiy. Bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘lyapsiz. O‘ylaymanki, siz bu yoshlardan yaqin kelajakda kuchli jamoa shakllantira olasiz. Nima uchun iqtidorli yigit Muhammadyusuf Sobirovni maydonga tushirmadingiz?
- Bunday iliq gaplar uchun rahmat, xursand bo‘ldim. Katta futbolda birinchi navbatda natija kerak. To‘g‘ri, yoshlar ham kerak. Lekin o‘yin sifati bo‘yicha menga natija ham muhim hisoblanadi. Yoshmi yoki yoshi katta bo‘ladimi, sifatli va sifatsiz futbolchilar bo‘ladi. Men shu jihatlariga e’tibor qarataman. Yoshlarni maydonga tushirishni bir qancha ijobiy tomonlari ham bor. Ular kelajakda agressiv, yaxshi futbolchi bo‘lib etishishadi. Yoshi katta o‘yinchilardan esa ba’zi holatlarda yaxshi natijalarni kutish qiyinroq. Men uchrashuvlarda vaziyatga qarab o‘yinchini maydonga tushiraman. Bu o‘z natijasini bermoqda. Iste’dodli yoshlarimiz terma jamoalarimizga yordam berishlari mumkin. Muhammadyusufni ham o‘zim taklif qilganman. Yaxshi bilaman. “Bunyodkor”da ishlaganimda qo‘l ostimda to‘p surgan. O‘ylaymanki, yaxshi harakat qilgan holda raqobatda yutib chiqsa, doimiy ravishda maydonga tushadi.
Fikrlar