Jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovga sovg‘a qilingan uy kalitlari qaytarib olindimi? Rasmiy munosabat bildirildi
Yaqinda shaxmatning rapid yo‘nalishida FIDE jahon chempionligini qo‘lga kiritgan hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi va unga Prezident sovg‘asi sifatida Toshkent shahar Maxtumquli ko‘chasi 91/1 uy manzilidan ikki xonali kvartiraning kalitlari topshirildi.

Biroq turli yolg‘on va bo‘hton xabarlar tarqatish orqali o‘z obunachilarini ko‘paytirishga odatlangan blogerlar yana “hunarlarini” ko‘rsatishmoqda. Jumladan, ular uyalmasdan Nodirbek Abdusattorovga sovg‘a qilingan uy kalitlari qaytarib olindi, degan mazmundagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishmoqda. Eng yomoni, xalqimiz ham shu yolg‘on xabarlarga ishonib qolishayotganida.
Kecha Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Davrukov dunyo tarixidagi eng yosh jahon chempioni va uning ota-onalarini Prezident sovg‘asi bo‘lmish 2 xonali kvartira bilan tanishtirdi.
Tez kunlarda qonunchilikda belgilangan rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, ushbu xonadon Nodirbek Abdusattorovga topshiriladi.

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati mana shunday xabarlar tarqatgan blogerlarga murojaat bilan chiqdi.
- Janob blogerlar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, yolg‘on va bo‘hton xabar tarqatganlik uchun ham o‘rnatilgan tartibda jazo choralari qo‘llaniladi. Shunday ekan, biron ma’lumot tarqatishda avval uni obdon tekshirib, ig‘vo va bo‘hton emasligiga ishonch hosil qilgandan keyingina ommaga tarqatishingizni maslahat beramiz.
O‘zbekiston Respublikasida senzura yo‘q, biroq bu sizga asoslanmagan, yolg‘on va bo‘hton xabarlar tarqatish huquqini bermaydi, - deyiladi xabarda.

Fikrlar