
Jahongir Mehmonov: Mening "Surxon"dan ketishim haqidagi gaplar noto‘g‘ri
Namanganlik iqtidorli futbolchi Jahongir Mehmonov ushbu mavsumdan boshlab Termizning “Surxon” klubi sharafini himoya qilyapti. Kutilganidek, u jamoaning asosiy tarkibidan muqim joy egalladi.
Markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramasdan, hattoki gol ham uryapti. Mehmonovga doim qiziqish ko‘p bo‘lgan va hozir ham shunday. Oxirgi paytlarda esa Jahongirning atrofida turli mish-mishlar ham tarqadi. Ya’ni, uning “Surxon”ni tark etishi to‘g‘risida xabarlar ham chiqdi.
Shu bahonada vaziyatga oydinlik kiritish asnosida futbolchi bilan aloqaga chiqqanimizdan foydalanib, Superligadagi uzilishlar, karantinning qanday foydasi borligi, klubdagi taqdiri, futbolchilar nega bir yillik shartnomalar tuzayotgani hamda bosh murabbiy Ravshan Haydarov xususida munosabatlarini bildirdi.
Chempionatimizda yuzaga kelgan to‘xtalishlarning
futbolchilarga qanchalik ta’siri borligi xususida
- Chempionatning ikki marta to‘xtatilgani tabiiyki, jamoamizga ham qiyinchilik tug‘dirdi. Yaqindagina sport formasiga kirayotganimizda yana to‘xtatildi. Endi bo‘lsa, yana shug‘ullanishda davom etyapmiz. Lekin iloj qancha, axir bu PFLning xohishi emas-ku, hozirgi shart-sharoitdan kelib chiqqan holda shunday holat yuz berdi. Bu vaziyat barcha klublarga qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, futbolimiz rahbariyati bizning sog‘ligimizni o‘ylab shunday qarorlar qabul qilishgan. Bu hamma uchun yaxshilikka. Qiyinchilik bo‘lsa-da, sharoitdan kelib chiqqan holda tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Karantinning futbolchilarga foydali tomonlari ham bormi?
- Qaysidir ma’noda foydali tomonlari bo‘ldi va yana qaysidir ma’noda bo‘lmadi. Masalan, karantin paytida uyda, oila davrasida ko‘proq bo‘ldik. Menimcha, shu tomoni foydali edi (kuladi). Ulug‘ Ramazon oyida oila davrasida ro‘za tutish biz uchun yaxshi bo‘ldi, deb hisoblayman. Agar sport sharoitida bo‘lganimizda ro‘za tutishga qiynalardik. Ammo ishimiz nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu holat bizga katta zarar bo‘ldi. Ayniqsa, sport formasiga qaytish o‘ziga yarasha qiyin edi.
Mehmonov “Surxon”dagi taqdiriga oydinlik kiritdi
- Yo‘q, mening “Surxon”dan ketishim haqidagi xabarlar noto‘g‘ri ma’lumotlar. To‘g‘ri, menga takliflar bo‘ldi. Lekin ketish haqida o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Negaki, “Surxon” jamoasi bilan mavsum oxirigacha shartnoma tuzganman. Shu boisdan boshqa takliflar xususida bosh qotirmadim. Bu narsa haqida o‘ylashga haqqim ham yo‘q. “Surxon”dagi faoliyatimni davom ettiraman, o‘rtada shartnoma bor va uni hurmat qilish kerak. Olayotgan ish haqqimizni ham oqlab, oxirigacha o‘ynashimiz lozim.
Unga “Buxoro” va yana qaysi klublardan takliflar bor edi?
- Ha, takliflar bor edi, axir o‘zidan-o‘zi bunday chaqiruvlar bo‘lmasdi. Lekin men bu haqida o‘ylamadim. Endi ularning nomlarini aytishga ham hojat yo‘q. Axir shartnoma bo‘yicha o‘z ishimni oxirigacha etkazib qo‘yishim kerak.
Ravshan Haydarov haqida
- Ravshan aka Haydarov jamoani yaqinda qabul qilib olgan. O‘tgan vaqt davomida jamoaga ancha kerakli narsalarni singdirdi deb o‘ylayman. Chempionatimizning qolgan o‘yinlarida qilayotgan ishimizning mahsulini ko‘rsatishga harakat qilamiz. Ravshan aka bosh murabbiyligida hozircha ikkita uchrashuvda ishtirok etgan bo‘lsak, o‘sha bahslarda nimanidir ko‘rsatishga harakat qildik. Baribir katta tajribaga ega bo‘lgan murabbiyning qo‘l ostida o‘ynash biz uchun yoqimli. O‘yinlarimizni televizor orqali ko‘rayotgan muxlislar ham jamoamizda ijobiy o‘zgarishlar borligini tasdiqlashyapti. Haydarovdan o‘rganishni boshladik va u insonga katta rahmat aytmoqchiman.
Futbolchilar ko‘pincha nega bir yillik shartnoma tuzadi? Yoki rahbarlarga ishonishmaydimi?
- Bilmayman, hammaning sharoiti har xil. Yilning boshida futbolchilarda takliflar bo‘ladi. Barchasi esa qanday kelishishga bog‘liq. Agar o‘yinchi bir yillik shartnoma tuzmoqchi bo‘lsa, klub shunga qarab muzokara o‘tkazadi. Yoki klub o‘zining shartini aytishi mumkin. Baribir hammasi hozir aytganimdek, o‘zaro kelishuvga bog‘liq.
Fikrlar