
Jamoliddin Bobojonov: Bugun har qanday holatda ham Sanjar Qodirqulov maydonga tushadi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvi oldidan muhim ma’lumotlarni berib bormoqdamiz. Ular qatorida jurnalistlarning fikrlarini ham sizlarga havola qilamiz.
Avvalroq Qatarda faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz futbol mutaxassisi Alisher Nikimbaevning fikrlarini taqdim etgandik. Endi esa "Sport" telekanali rejissyori Jamoliddin Bobojonovning uchrashuvdan oldingi qarashlari, raqibdan har qanday holatda ham qo‘rqish kerakligi, terma jamoamizning taxminiy tarkibi va boshqalar borasida to‘xtalib o‘tdi.
- To‘g‘risi, ushbu bosqichda Saudiya Arabistonining o‘yinlarini e’tibor berib ko‘rganim yo‘q. Shuning uchun jamoaning kuchli taraflarini bilmayman. Lekin Saudiya futbolini bilamiz, bu amalakat futboli For Ko‘rfazining eng kuchlisi. Hozirgi kunda Qatar natijalarga erishmoqda. Lekin Fors Ko‘rfazidagi futbol jihatdan va boshqa tomondan eng ulkan davlat. Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Mustaqillikka erishibmizki, saudiyaliklar bilan ko‘p to‘qnash kelganmiz va ular biz erishmagan natijalarni qo‘lga kiritishdi. Masalan, biz chiqa olmagan jahon chempionatlariga ular yo‘llanma olishgan. Shuning uchun har qanday holatda Saudiyadan qo‘rqishimiz kerak.
Abramovdan har doim syurpriz kutish kerak va buni syurpriz deb qabul qilmaslik lozim. To‘g‘risini aytganda, Abramovning salohiyati biz ko‘nikkan murabbiylardan kuchliroq bo‘lganligi uchun uning qilayotgan ishlari noodatiydek ko‘rinadi. Aslida uni O‘zbekistondagi eng kuchli murabbiy deb bilaman. Bu bilan til yog‘lamalik qilib aytmayapman, ichimdagi fikr shu.
Aynan bir yangi o‘yinchi tushishiga shubham bor. Lekin tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Masalan, biz ko‘nikkan qaysidir futbolchi o‘rniga, kutmagan o‘yinchi asosiy tarkibda uchrashuvni boshlashi yoki ba’zi bir chiziqlarda o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Lekin Yaman bilan o‘yindagidek hech kim kutmagan Sanjar Qodirqulov tushib kelmaydi. Sanjar bugun maydonga tushadi, ishonchim komil. Biroq yangi Qodirqulov o‘yinda qatnashishiga shubham bor.
Guruhimizdagi asosiy raqibimiz, albatta, Saudiya Arabistoni. Buni turnir jadvali orqali bilib olish ham mumkin.
Fikrimcha, Saudiya Arabistoniga qarshi O‘zbekistonning taxminiy tarkibi quyidagicha bo‘ladi:
Darvozada Suyunov, himoya markazida To‘xtaxo‘jaev va Ahmedov. Bunday qarorga kelganimning sababi Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyingi qarashlarim. O‘ng qanot himoyasida Alijonov, chap tomonda balki syurpriz bo‘lishi mumkin. Kichik jarohati bor Sayfiev o‘rnida Qodirqulov maydonga tushishi mumkin. Sanjar bu chiziqda "Bunyodkor"da ko‘p bor o‘ynagan. Umuman Qodirqulov har qanday holatda maydonga tushadi, deb o‘ylayman. Agar Sayfiev ishtirok etsa, Sanjar yarim himoyada bo‘ladi.
Tayanch yarim himoyasida Shukurov, oldinda Aliboev va Iskanderov, qanotlarda Hamdamov va Masharipov harakat qiladi. Hujumda Shomurodov, - dedi Jamoliddin Bobojonov.
Darvozabon: Eldor Suyunov
Himoyachilar: Hojiakbar Alijonov, Odil Ahmedov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Farruh Sayfiev / Sanjar Qodirqulov
Yarim himoyachilar: Otabek Shukurov, Ikrom Aliboev, Jamshid Iskanderov, Dostonbek Hamdamov, Jaloliddin Masharipov
Hujumchi: Eldor Shomurodov
Fikrlar