"JCh-2026"da sariq kartochkalar bo‘yicha yangi qoida joriy etilishi mumkin
2026 yil AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadigan jahon chempionatida sariq kartochkalarning bekor qilinishi ikki bosqichda amalga oshirilishi mumkin.
"BBC Sport" ma’lumotiga ko‘ra, ishtirokchilar soni 48 taga, o‘yinlar soni esa sezilarli oshirilgani sabab FIFA yangi tartibni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Unga ko‘ra, yig‘ilgan sariq kartochkalar guruh bosqichidan keyin hamda chorak finallardan so‘ng “kuydiriladi”.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, jamoa chorak finalga chiqishi uchun beshta o‘yin o‘tkazishi kerak va shu davrda olingan ikki sariq kartochka keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishga sabab bo‘ladi.
"JCh-2026"da ilk bor 1/16 final bosqichi ham bo‘lishi tufayli diskvalifikatsiya xavfi oshib ketishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. FIFAda ko‘plab futbolchilar yarim finalni o‘tkazib yuborishi mumkinligidan xavotir bor.
Manbaga ko‘ra, ikki bosqichli bekor qilish tizimi uchta sariq kartochkadan keyin chetlash qoidasiidan ko‘ra adolatliroq hisoblanmoqda. Agar taklif qabul qilinsa, futbolchi guruh bosqichidagi uch o‘ynining ikkitasi yoki pley-offning 1/16, 1/8 va chorak final bahslaridan ikkitasi da ogohlantirish olsagina o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
Mazkur masala seshanba kuni Vankuverda bo‘lib o‘tadigan FIFA Kengashi yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Fikrlar