
"Jenoa", "Shabab Al-Ahli", "Ufa" - terma jamoa yig‘iniga jalb etilgan legionerlarimizning klublarida ahvol qanday?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishi shart! Butun boshli halq terma jamoa libosida maydonga tushadigan 11 yigit va bosh murabbiydan maksimalini talab qiladi. Va nihoyat, Vadim Abramov rasmiy o‘yinlarda asosiy tarkibdan o‘rin olishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni Toshkentga chaqirdi. Mutaxassis ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi mobaynida eng kuchli O‘zbekistonni bizga taqdim etishga harakat qilib ko‘radi. Bunda katta sahnaga xorijda to‘p tepayotgan futbolchilarimiz chiqishi tabiiy. Biz esa ushbu yig‘inga jalb etilgan legionerlarimizning klublari ayni damda qay ahvolda ekanligi haqida so‘z yuritamiz.
Otabek Shukurov “Sharja”
Shukurov harakat qilayotgan “Sharja” klubi bir necha yillardan buyon barqaror o‘yin namoyish etib kelmoqda. Shu jumladan, joriy mavsumda ham "Sharja" klubi chempionlik uchun jiddiy kurash olib boryapti. Birinchi davrani peshqadam sifatida yakunlagan jamoa keyinchalik biroz oqsadi. Sharjaliklar hozir BAA chempionatida 3-pog‘onani band etgan. Doimiy ravishda bosh sovrin uchun kurash olib boradigan klub uchun kuchli uchlik etarli emas. 22-turdan keyin 41 ochko to‘plagan jamoa peshqadamdan 7 ochko ortda bormoqda. Tezroq otni qamchilamasa, Shukurov jamoasi oltin medallardan quruq qolishi hech gap emas.
Jaloliddin Masharipov va Odil Hamrobekov “Shabab Al-Ahli”
“Sharja”dan farqli o‘laroq, “Shabab Al-Ahli”da yaxshigina progress kuzatilmoqda. Dubay klubi o‘z tarkibiga Masharipov va Hamrobekovni qo‘shib olganidan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Jamoaning transfer siyosatiga havas qilsa arziydi. Boisi, ular qit’a darajasidagi futbolchilarni bir tarkib ostida jamlay olgan. Eng qizig‘i, ular bu yo‘lda katta mablag‘ sarflamadi.
Hamyurtlarimizdan tashqari, Omar Abdulrahmonni ham o‘z safiga qo‘shib olgan “Shabab Al-Ahli” bu “yurishlar”i samarasi o‘laroq, 4-o‘ringacha ko‘tarildi. Shu tempni yo‘qotib qo‘ymasa, dubayliklar chempionlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vogarga aylana olishi tayin.
Dostonbek Hamdamov “Xatta”
“Xatta” tarkibiga ijara asosida borib qo‘shilgan Hamdamov umuman o‘ziga o‘xshamayapti. U bilan bir vaqtda arab diyoriga ketgan Masharipovdan farqli o‘laroq, u hali birorta samarali harakatni amalga oshirganicha yo‘q. Autsayder klubda yo‘qolib qolgan legionerimiz atigi 2 o‘yinda to‘liq harakat qildi, xolos. Uning jamoasi turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda bormoqda. 22 o‘yinda 8 ochko jamg‘argan “Xatta”ning eng katta muammosi gol urish. Ular atigi 13 bor raqib darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu klub libosida o‘zini ko‘rsata olmasa, legionerimizga “Al-Nasr”da oson bo‘lmasligi tayin.
Oston O‘runov “Ufa”
O‘runov bilan ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda. RPLni tark etish arafasida turgan ufaliklar juda yomon holatga tushib qolgan. Jamoa so‘nggi bor ichki chempionatda 6 dekabr kuni “Rostov” ustidan g‘alaba qozongandi. “Ufa” o‘yiniga e’tibor qaratsak, birdamlik va hujumkor futbolni qidirishga katta vaqt sarflaymiz. Shu ketishda klub quyi divizionga tushib ketishi katta ehtimol. Ularning holati shu darajadaki, jamoa bankrotlik yoqasida turgan “Tambov”dan 1 ochkogina ko‘p jamg‘argan, xolos. Hali RPL yakuniga qadar 7 ta tur borligini inobatga olsak, O‘runov jamoasida elitada jon saqlab qolish uchun kichik bo‘lsada imkoniyat mavjud. Faqatgina o‘tgan mavsumda ko‘rsatilgan o‘yinlar yana namoyish etilsa bo‘lgani.
Eldor Shomurodov “Jenoa”
O‘zbek futbolining butun Italiyadagi yuziga aylangan Eldor Shomurodov “Jenoa”ning muvaffaqiyatlarida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi. To‘g‘ri, so‘nggi turlarda legionerimiz biroz o‘ziga o‘xshamayotgan bo‘lsada, jamoasi xavfli hududdan uzoqlashib oldi. Hozir genuyaliklar 13-o‘rinda va B Seriyaga tushib ketishdan umuman xavfsiramayapti. Sababi, Davide Ballardini bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng, Shomurodov jamoasi ancha raqobatbardosh klubga aylandi. Aslida, italiyalik mutaxassis tarkibga hech qaysi futbolchini olib kelmadi. Shunchaki jamoaviy birdamlikni qaytardi, xolos. O‘z navbatida, bu legionerimizning o‘yiniga ham ancha ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Endi Eldor gol va assistlarni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ymoqda. Unga grand klublardan qizish bo‘lganligi ham uning mehnatlari samarasi hisoblanadi. Har holda, “Yuventus”dek jamoaning qiziqishlari doirasiga shunchaki tushib qolish ham katta yutuq, nazarimizda.
Shahzod Ubaydullaev “Shaxtyor” Soligorsk
Belarusning amaldagi chempioni safiga borib qo‘shilgan Ubaydullaev darhol o‘zini ko‘rsata boshladi. Umumiy hisobda 110 daqiqa maydonda harakat qilgan vakilimiz o‘z hisobiga 1 gol va assistni yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Belarus chempionati endi boshlanganini inobatga olsak, hali Shahzodda o‘zini ko‘rsatish uchun katta imkoniyat mavjud. Ushbu birinchilik Evropaning boshqa kuchliroq chempionatlariga yo‘l olish uchun ajoyib imkoniyat ekanligini Jasurbek Yaxshiboev misolida ko‘rdik. Bu holat Ubaydullaev bilan ham takrorlanishi O‘zbek futboli uchun katta yutuq bo‘lishi shubhasiz. Qanchalik yorqin yulduz bo‘lmasin, biz Eldor Shomurodovning o‘zigagina ishonib qola olmaymiz. Terma jamoa hujum chizig‘idagi raqobat har uchala hujumchimiz uchun zarur.
Igor Sergeev “Aktobe”
Milliy terma jamoa libosida bir necha yillar davomida harakat qilib kelayotgan Sergeev hozir legioner maqomida to‘p tepmoqda. Qozog‘iston Premer-ligasining “Aktobe” klubi safiga borib qo‘shilgan hamyurtimiz ikkita o‘yinda to‘liq harakat qildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, yangi jamoasida unga butunlay ishonch bildirilyapti. Quvonarli jihati, ”Tobol”ga qarshi bahsda Igor o‘z ismini tabloga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Yakunda uning bosh bilan urgan goli jamoasiga 1 ochko keltirdi. Shomurodov va Ubaydullaev kabi Sergeev uchun ham raqobat foyda keltirishi aniq. Chunki endi terma jamoa bosh murabbiyi uchun Igor Sergeev yagona variant emas.
Hozir faqatgina mart oyidagi yig‘inga jalb etilgan legioner futbolchilarimiz haqida fikr almashdik. Ushbu ro‘yxatimizdan Odil Ahmedov, Jasurbek Yaxshiboev, Bobir Abduxoliqov, Jamshid Iskanderov, Rustam Ashurmatov, Doston Ibragimov va yana bir necha xorij klublarida to‘p tepayotgan futbolchilarimiz tushib qoldi. Keyingi yig‘inlarda Abramov ularni terma jamoaga jalb etsa, ushbu maqolamizni yangi sonidagi legionerlarimiz safini kengaytiramiz.
Javohir Azimov tayyoradi
Fikrlar