
Kaka, Xames, Azar - Peres davridagi eng katta transfer xatolari!
"Real" barcha davrlarning eng kuchli jamoalari qatorida e’tirof etiladi. Madridliklar ichki miqyosda "Barselona", "Atletiko", xalqaro maydonda "Bavariya", "Yuventus", "Liverpul" kabi grandlar bilan tengma-teng raqobat olib borishni istaydi va bu yo‘lda akademiyaning o‘zigagina tayana olmasligini yaxshi tushunadi. Shu sababli, "Qirollik klubi" prezidenti Florentino Peres tez-tez katta transferlarga qo‘l uradi. Ulardan aksariyati o‘zini oqlagan bo‘lsa, ba’zilari omadsizlikka yuz tutgan. Ronaldu, O‘zil, di Mariya, Benzema, Varan, Modrich, Kroos kabi transferlarga hurmat saqlagan holda, Florentino Peresning ikkinchi prezidentlik davridagi(2009 yildan hozirgacha) eng omadsiz transferlar haqida suhbatlashamiz.
Kaka
2009 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonish uchun katta va’dalar bergan ispaniyalik ishbilarmon o‘z so‘zining ustidan chiqdi, deyish mumkin. Ilk mavsumdayoq,"Qirollik klubi" transfer bozoridan rekord miqdorda xarajat bilan chiqdi. O‘shanda "qaymoqranglilar" libosini kiygan futbolchilardan biri Kaka edi. Bir yil avval "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritgan braziliyalik yulduz 67 mln evro evaziga Madridga ko‘chib o‘tdi. Tan olish kerak, qahramonimiz "Santyago Bernabeu"dagi ilk mavsumini yomon o‘tkazmadi. 33 bahsda 9 gol va 12 assist. Biroq yildan yilga Kaka o‘yinida pasayish kuzatila boshladi va oqibatda, 2013 yilning sentyabr oyida u "rossonerilar" safiga qaytarib yuborildi. Eng yomoni, endi Kaka erkin agent sifatida o‘zi uchun qadrli Milanga qaytgan edi. Aksariyat futbol ixlosmandlari aynan uning sinishida aybni "Real"ga to‘nkaydi va u jamoani yomon ko‘radi. Braziliyalik yarim himoyachi Madriddagi butun faoliyati mobaynida 120 uchrashuvda klub sharafini himoya qilib, 29 ta gol urdi va 39 bor sheriklari goliga hammualliflik qildi. Qahramonimiz o‘z faoliyatini 2017 yilda okeanortida yakunladi. Uning so‘nggi jamoasi "Orlando Siti" bo‘ldi.
Nuri Shaxin
"Borussiya" Dortmundda etilib kelayotgan yana bir yulduz - Nuri Shaxin tezda omma e’tiboriga tushdi. O‘sha davrda Yurgen Klopp qo‘l ostida yig‘ilgan jamoaning asosiy tarkib vakillaridan biri Shaxin faoliyatini "Real"da davom ettirishga qaror qildi. Uning bu fikri xatoligi isbotlanishi ko‘p vaqt talab etmadi. Ilk mavsumidayoq, tizzasidan og‘ir jarohat olgan nemis yarim himoyachisi yilni atigi 10 ta o‘yin bilan yakunladi. Chempionlar Ligasidagi 4 bahsda hech qachon 80-daqiqadan erta maydonga tushmadi. La Liga o‘yinlarida ham faqat "Real" ishonchli hisobda g‘alaba qozongan paytda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan. Achinarlisi, "qaymoqranglilar" uni bir mavsumning o‘zida ikkita klubga ijaraga berdi. Sentyabrdan yanvargacha "Liverpul"da vaqt o‘tkazgan qahramonimiz, iyungacha "Borussiya"ga yo‘l oldi. U erda 1,5 mavsum harakat qilgach, "asalarilar" uning transfer huquqini sotib oldi. Qizig‘i, Shaxin hali-hamon futbolchilik faoliyatini davom ettirmoqda. U Turkiya Superligasida ishtirok etuvchi "Antalyaspor" jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Xames Rodriges
"Jahon chempionati - 2014" guruh bosqichidan o‘rin olgan uchrashuvlar, Braziliyada bo‘lib o‘tgan mundialning haqiqiy Lotin Amerikasiga xos bo‘lgan texnika va driblingga boy o‘yinlari! O‘shanda Kolumbiya terma jamoasini oldinga etaklagan Xames ismli yosh yulduz esingizdami?! Hatto, turnir yakunida uning Urugvay darvozasiga kiritgan to‘pi JChning eng chiroyli goli, deb tan olingandi. Butun dunyoga o‘z brendini tanita olgan futbolchi "Real"dan jiddiy taklif oldi va hech ikkilanmay, uni qabul qildi. Madriddagi ilk mavsumini keyinchalik qadrdoniga aylangan Karlo Anchelotti qo‘l ostida o‘tkazgan futbolchi yaxshi natija qayd etdi. Unga katta ishonch taqdim etilgan holda, 10-raqam topshirildi. Biroq jamoaning o‘sha mavsumdagi ishlari yurishmadi va may oyida bosh murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Shu tariqa, Xamesning ham o‘yinida pasayish kuzatildi. Jamoa boshqaruviga kelgan Benites va Zidan uning xizmatiga jiddiy ehtiyoj sezmadi va 75 mln evrolik yulduz zaxira o‘rindig‘iga tobora mustahkam joylasha boshladi. Bu orada "Karlo ota" Bavariyaga murabbiy etib tayinlandi va ishni sobiq shogirdini Myunxenga olib kelishdan boshladi. Xames 2 mavsumni "qizillar" tarkibida o‘tkazib, ortga qaytganida, uni yana Zidan kutib oldi. Biroq frantsiyalik mutaxassis unga imkoniyat berishni istamadi va Rodrigesning formasi kundan kunga pastlay boshladi. Yana bir yil vaqtini "Real"da behuda o‘tkazgan qahramonimizni eski qadrdoni Angliyaga chorladi. U hozir Karlo Anchelotti qo‘l ostida "Everton" libosida to‘p tepmoqda va hech ikkilanishsiz ayta olamizki, Xames Rodriges juda xursand!
Eder Militao
Ketma-ket uchinchi bor Chempionlar Ligasi bosh sovrinini boshi uzra baland ko‘targan Zinedin Zidan va jamoa prezidenti Florentino Peres o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Oqibatda, frantsiyalik mutaxassis o‘z vazifasidan ozod etildi. Bu mutlaqo xato qaror ekanligini biroz kech anglagan Peres Zidanni ortga qaytarishni maqsad qildi va taklif yubordi. "Kovushim ko‘chada qolgan emas" qabilida ish ko‘rgan murabbiy shartnoma oldidan katta mablag‘ talab qildi. "Qirollik klubi"ni taxtga qaytarish uchun barcha narsaga tayyor bo‘lgan Peres yozgi transfer bozorida rekord miqdorda xarajat qildi. 2018/19 yilda "Real" libosini kiygan futbolchilardan biri Eder Militao edi.
Uzoq yillar mobaynida madridliklar himoyasida mustahkam qo‘rg‘on qura olgan Ramos o‘rinbosari sifatida ko‘rilgan Militao 50 mln evro evaziga "qaymoqranglilar" safiga kelib qo‘shildi. Eng qizig‘i, Serxioning o‘rniga u maydonga tushsa, "Real" himoyasi bolalarcha xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Aksincha, Ramos boshlang‘ich tarkibdagi o‘rnini unga bermasa, braziliyalik himoyachining iste’dodi kundan kunga so‘nib boryapti. Bir yarim mavsum mobaynida 26 ta o‘yinda maydonga tushgan futbolchidan muxlislarning tobora umidi yo‘qolib bormoqda. So‘nggi kunlarda Ramosning jarohat olganligi tufayli o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan 23 yoshli himoyachi otni qamchilashi shart. Aks holda, qo‘l ostidagi futbolchilarga doim ham imkoniyat beravermaydigan Peres uni birorta da’vogarga sotib yuborishi hech gap emas.
Luka Yovich
Zidan "Real"ga qaytganidan keyin amalga oshirilgan eng yomon ikkita transferdan biriga etib keldik. "Ayntraxt"dagi omadli mavsumidan keyin Evropa grandlari nazariga tushgan serbiyalik futbolchi Madridga ko‘chib o‘tdi. O‘sha paytda hali jahon futbolida o‘zini to‘liq namoyish etib ulgurmagan Yovich uchun 63 mln evro to‘lagan Peresni tanqid qilishdi. Qizig‘i, bu holat hamon to‘xtagani yo‘q. Bir yarim mavsum mobaynida Benzemani soyasida qolib ketgan Luka 32 ta uchrashuvda "qaymoqranglilar" sharafini himoya qildi. Bu ko‘rsatkichga to‘liqroq nazar solsak, qahramonimiz aksariyat bellashuvlarda zaxiradan o‘yinga qo‘shilganini bilish mumkin. 23 yoshli hujumchi umumiy hisobda 955 daqiqa maydonda harakat qilgan. Bu har bir uchrashuv uchun o‘rtacha 30 daqiqaga to‘g‘ri keladi. Shunga yarasha foydali harakatlar soni ham ko‘p emas: 1,5 yil va 2 tadan gol va assist. Qo‘shimchasiga, o‘zining xurmacha qiliqlari bilan ham ko‘zga tashlangan futbolchi rahbariyatga muammolar tug‘dira boshladi. Bu holat Yovichning ijara asosida "Ayntraxt"ga yuborilishiga sabab bo‘ldi. Shuncha payt davomida "Real" libosida 2 ta gol urgan Luka jonajon klubidagi ilk o‘yinidayoq dubl muallifiga aylandi. Qizig‘i, buning uchun u atigi 28 daqiqa vaqt sarfladi, xolos.
Eden Azar
Navbat omadsizlarning "kattasi"ga etib keldi. Zidanning eng katta xatosiga aylangan transfer aynan Azar nomi bilan bog‘liq. "Qirollik klubi"da Krishtianu Ronalduning o‘rni shu qadar katta ekanki, undan keyin hosil bo‘lgan bo‘shliqni na katta transfer, na yosh iste’dodlar bilan to‘ldirib bo‘ladi. O‘zining so‘nggi mavsumida "Chelsi"ning Evropa Ligasida zafar quchishida benazir rol o‘ynagan Eden Madridga kelishi bilanoq, cho‘qqidan jarlikka quladi. Ketma-ket jarohat olgan belgiyalik vinger o‘z formasini butkul yo‘qotib qo‘ydi. Ispan OAVning ma’lum qilishicha, Azar shu qadar chuqur ruhiy tushkunlikka tushib qolganki, hatto mashg‘ulotlarda ham ter to‘kib shug‘ullanmay qo‘ygan. U jarohat olmaslik uchun yakkakurashlarga kirishdan qattiq qo‘rqib qolganligi aytilmoqda. Biroq Zidan unda qandaydir jihat ko‘rmoqda chog‘i, sog‘aygan vaqtidan boshlab, keyingi jarohatigacha unga ishonmoqda. 30 yoshli futbolchi 1,5 yilda atigi 35 ta o‘yinda ishtirok etdi. U bilan bir vaqtda jamoaga kelgan Yovich, Militao kabi futbolchilardan uning farqi shundaki, Azar uchun asosiy tarkibdagi o‘rin kafolatlangan. Shunday bo‘lsa-da, 35 ta o‘yin transfer narxi 160 mln atrofida bo‘lgan futbolchi uchun juda past ko‘rsatkich(ma’lum bo‘lishicha, "Real" Azar uchun "Chelsi"ga umumiy hisobda 160 mln atrofida mablag‘ to‘lab berishi lozim). Bugungi kunga kelib qahramonimizning "Transfermarkt"dagi narxi 50 mln evrogacha pastladi. Ortda qolgan vaqt davomida u o‘z hisobiga 4 gol va 7 assistni yozdirib qo‘yganligining o‘zi ham bugungi Eden Azarning haqiqatan singaniga dalil bo‘la oladi.
.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar