
Karate WKF terma jamoa a’zolari o‘quv mashg‘ulot yig‘inida yoxud "Ochiq eshiklar" kuni o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi tomonidan O‘zbekiston karate WKF terma jamoa a’zolari uchun 11 fevraldan 5 martga qadar navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etilgan va ushbu mashg‘ulotlar bosh murabbiy Dilnoza Bakirova hamda katta murabbiy O‘ktam Bekpo‘latovlar boshchiligida jiddiy sur’atlarda davom etmoqda.
Albatta, bu yig‘in birinchi navbatda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishga qaratilgan. Shuningdek, 12-14 mart kunlari Turkiyada “Istanbul Premier League” turniri tashkil etiladi. Aynan ushbu musobaqaga tayyorgarlik ham mazkur yig‘in doirasidan o‘rin olgan.
Turkiyadagi turnirda - 50 kgda Bahriniso Babaeva, -60 kg vaznda Sadriddin Saymatov, -55 kgda Sevinch Rahimova, -61 kgda Barno Mirzaeva ishtirok etishini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
Bugun esa ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida “Ochiq eshiklar” kuni o‘tkazildi. Ya’ni, yosh karate ustalari terma jamoa a’zolari bilan birgalikda mashg‘ulotlar olib bordi. Qolaversa, tajribali vakillarimiz yoshlarga o‘ziga hos mahorat darslari ham o‘tab berdi. Shubhasiz, ushbu jarayon bolakaylarga juda katta motivatsiya berishi turgan gap...
Shu o‘rinda terma jamoa vakillariga ham oldinda turgan muhim turnirlarda ijobiy natijalar qayd etib, Olimpiadaga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishiga tilakdoshmiz!
Fikrlar