Kichik jamoa Ispaniyada katta ishni amalga oshirdi!

  • 22 fevral, 2021, 18:18
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Levante» singari kichik klublar har kuni ham jurnal muqovalarida paydo bo‘lavermaydi. Barchaning e’tiborida bo‘lish haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi. Bu klub tarixidagi eng yaxshi natija 6-o‘rin. Kubok bahslarida jamoa atigi bir bor yarim finalga qadar etib kelgan. U ham uzoq 1935 yilda sodir bo‘lgan. 30 mingdan kamroq aholisi bor shahar sharafini himoya qiluvchi klubning oldiga qo‘ygan maqsadlari hech qachon ulkan bo‘lmagan.

Tecno

Shu bois, «Levante»ning Ispaniyadagi futbol voqeasiga aloqador bo‘lishi ko‘pchilikni ajablantirdi.

Pandemiya sababli, «Atletiko»ning ilk turlardagi ikki o‘yini boshqa kunga qoldirilgan. Ulardan biri kamtarin «Levante»ga qarshi bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Ushbu bahs fevral oyiga ko‘chirildi. Oqibatda, 3 kun interval bilan «matraschilar» «Levante»ga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazdi.

Kichik byudjetli jamoa mavsum startida juda bo‘sh futbol namoyish etdi. Ilk turda «Valenciya»dan javobsiz 4 ta gol o‘tkazib yubordi. 10 ta turda bor yo‘g‘i 8 ochko jamg‘ardi, xolos. 11-turga kelib «Atletiko» bilan to‘qnash kelishi lozim edi, ammo o‘yin qoldirildi.

O‘zaro o‘yinlarga qadar «Levante» muammolarini bartaraf etdi va ijobiy tomonga o‘zgardi. Pako Lopes shogirdlari 2021 yil boshidan beri 14 ta o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsa, 12 o‘yinda mag‘lub bo‘lgani yo‘q, o‘tkazib yuborilayotgan gollar soni ham keskin kamaydi.

Yanvarning oxirgi kunlarida «Real» mehmonda mag‘lub etildi. To‘g‘ri, Militaoning qo‘pol xatosi va qizil kartochkasi bunga ko‘maklashib yubordi, ammo g‘alaba klubga motivatsiya berdi.

«Atletiko» esa, aksincha, so‘nggi turlarda muammolar girdobiga tushib qoldi. COVID-19 sababli, Joau Felish, Yannik Karrasko, Toma Lemar va Mussa Dembele bir nechta o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Jamoaning qanotlardagi faolligiga javob beruvchi Yannik maydonga qaytishi bilan jarohat oldi. Uning o‘rnini chap qanotda to‘ldirishi kerak bo‘lgan Renan Lodi ham lazaretda. Shu bois, kadrlar bilan muammo paydo bo‘ldi. Bu voqealar fonida o‘z kuchiga ishongan «Levante» bilan ikki o‘yin oson o‘tmasligi aniq edi.

Amalda ham shunday bo‘ldi. Qoldirilgan bahs 17 fevral sanasida tashkillashtirildi. Joriy mavsum Deigo Semione asosiy urg‘uni imkoniyatlardan unumli foydalanish va kuchni to‘g‘ri taqsimlashga qaratdi. Bu natija berayotgan edi, biroq vaziyatlardan unumli foydalanishning har safar ham imkoni bo‘lavermaydi.

щuklpщuklpщluk

E’tibor bering! Korrea bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmayapti. Vaholanki, u juda yaxshi mavsum o‘tkazmoqda, biroq buni hech kim hozir eslamaydi. «Atletiko» yaratilgan vaziyatlarni golga aylantirish bobida benazir, ammo «Levante»ga qarshi bahsda omad ulardan yuz o‘girdi.

Ikkinchi o‘yinda, «Atletiko» o‘z o‘yin uslubi va sxemasidan voz kechdi. Argentinalik mutaxassis ilk daqiqalardanoq 4-2-4ga murojaat qildi. Bu o‘zgarish o‘yin statistikasi o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

Zarbalar 28:6, jarima maydonchasi tashqarisidan berilgan zarbalar 19:5, aniq yo‘llangan zarbalar 11:1. Hisob esa, 0:2! To‘g‘ri, «Levante» darvozaboni Dani Kardenes o‘z faoliyatidagi eng zo‘r uchrashuvni o‘tkazdi, ammo «Atletiko» o‘tkazib yuborgan gollarga e’tibor bering!

Joffre Kondogbya to‘pni jarima maydonchasidan tashqariga chiqarib yubora olmadi. Oqibatda, Xorxe Moralesning zarbasi Mario Ermosoga tegib darvozadan o‘rin egalladi. Ikkinchi golni Xorxe De Frutos 50 metrdan bo‘sh qolgan darvozaga joylab qo‘ydi. Yan Oblakning so‘nggi soniyalardagi burchak to‘pida ishtirok etish uchun kelgani jamoaga qimmatga tushdi.

щuklpщuklщpluk

3 kun ichida Madrid klubi omadsizlik nima ekanligini chuqur anglab etdi. «Levante» Ispaniya chempionatiga intrigani qaytarib berdi. Ikkita o‘yinda klub «matraschilar»dan 4 ochko oldi. Bu «Real» va «Barselona» uchun o‘rnak bo‘ladigan ko‘rsatkich!

To‘g‘ri, «Atletiko» hali-hamon turnir jadvalida peshqadam. Zaxirada yana bir o‘yin ham bor, biroq 3 hafta oldin «matraschilar»da chempionlik uchun imkoniyat ancha yaxshiroq edi. Oldinda «Real» bilan qoldirilgan o‘yin ham bor. O‘rtadagi farq 3 ochkogacha kamaydi. «Barselona» bilan tafovut qisqardi. 3 hafta ichida «Atletiko» ahvolini ancha og‘irlashtirib yubordi.

7 mart sanasida Simeone shogirdlarini «Real» bilan "Madrid derbisi" kutib turibdi. Agar «Levante»ga boy berilgan ochkolar bo‘lmaganida, «Atletiko» "Poytaxt derbisi"ni bosimsiz o‘tkazishi mumkin edi. Endi, «Real»ga qarshi uchrashuv ularni birinchi o‘rindan tushirib yuborishi ham mumkin. Boz ustiga, hali «Barselona» bilan ham to‘p surish kerak. Umuman olganda, hammasi o‘zgarib ketdi. Endi chempionlik uchun chinakam kurash olib borish lozim.

«Barselona» va «Real»ga ko‘maklashib yuborgan «Levante» Evropa Ligasida ishtirok etish uchun kurashga qo‘shilgan. Atigi 20 ming muxlisi bor bo‘lsa ham, so‘nggi uch kun ichida jamoa millionlab «Real» va «Barsa» muxlislarini xursand qildi. Shu kunga qadar, “Levante” Ispaniyada hech qachon bunday shov-shuv ko‘tarmagan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!