
"Kimnidir oldida bo‘yin egmadim, yanada kuchliroq bo‘lib qaytaman" - iste’foga chiqqan Islom Ismoilov oriyat, g‘urur, totalizator va yana ko‘plab muhim mavzularda dangal gapirdi
Kecha “Turon” – “Qizilqum” (0:1) o‘rtasidagi uchrashuv tugaganidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov iste’foga chiqdi. Bu Superligadagi navbatdagi iste’fo sifatida qabul qilindi.
“Turon” Superliga debyutanti, o‘tkazilgan 8 ta o‘yinda jamoa hali g‘alaba qozona olgani yo‘q. Shu bois Ismoilov jamoadan ketishga qaror qildi. Sports.uz muxbiri “Turon”ni tark etgan yosh mutaxassis bilan bog‘landi. Islombek avvalo jamoadan ketishi haqida gapirdi.
- Jamoada uch yil faoliyat ko‘rsatdim. Buning uchun klub rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Yosh bo‘lishimga qaramasdan menga ishonch bildirishdi. Olimxon aka va Qodirxon aka Ahmedovlar futbolning haqiqiy fidoyi insonlari. Futbolga nafaqat mablag‘larini, balki mehrlarini ham berishyapti. Uch yil davomida bizni ham ma’naviy, ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashdi. Barcha qulayliklarni yaratib berishdi. Ularga o‘zimning chuqur tashakkurimni bildiraman. Jamoamizdagi faoliyatimga to‘xtalsam, biz uch yil mobaynida yomon ishlarni amalga oshirmadik. Bu vaqt ichida klubni ko‘zga ko‘rinadigan darajaga keltira oldik. “Turon” O‘zbekistonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamoalar qatoriga kirdi. Bu yo‘lda katta hajmdagi ishlar bajarildi. Bu yil oldimizga katta maqsadlarni qo‘ygandik. Ammo bu – futbol. Unda har doim yaxshi o‘ynagan jamoa yutavermas ekan. Qo‘ldan kelganicha g‘alaba uchun barcha harakatni amalga oshirdik. Qaerdadir ozgina omad etishmadi, yana qaerdadir boshqa sabablar...shular ta’sir qildi. Vaziyatni ko‘rib shuni bildimki, jamoaga yangi qon kerak, deb o‘yladim. “Turon”ning taqdiriga befarq qaramayman. Vaziyat yana shunday davom etishiga ko‘z yumib tura olmasdim. Nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘lsa, bu faqat murabbiy bilan bog‘liq edi. Agar murabbiy o‘zgarishi orqali jamoaning natijalari yaxshilansa, bundan faqat xursand bo‘laman. Bu to‘g‘risida rahbariyatga ham aytdim. Katta futbolga kirib kelishimda klub rahbarlari tamal toshini qo‘yib xizmat qilishdi. Bu insonlardan umrimning oxirigacha minnatdor bo‘laman. Faqat mablag‘ bilan emas, balki har kuni yonimda turishdi, mashg‘ulotlarda, safarda va uydagi o‘yinlarda dalda bo‘lib turdilar. Ko‘pchilik rahbariyat noto‘g‘ri qaror qabul qildi, bu murabbiyga yana imkoniyat berish kerak edi, deb aytishlari mumkin. Ammo ular barcha imkoniyatlarni berishdi. Bu noto‘g‘ri qaror bo‘lgani yo‘q. Futbolga qaratilayotgan e’tiborlarini shaxsiy manfaatimdan ko‘ra, birinchi o‘ringa qo‘ydim. Bu natijalar shu ruhda davom etadigan bo‘lsa, ertaga klubga jiddiy zarar etishi mumkin edi. Shularni hisobga olgan holda iste’fo berishga qaror qildim. O‘zi futbolda shunaqa bo‘ladi: jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatadi-da, omad yoki ma’lum sabablar g‘alabaga to‘sqinlik qiladi. Balki boshqa murabbiy bilan jamoaning yo‘li ochilib ketar. “Turon”ning imkoniyati yuqori, hali g‘alabalar keladi va Superligada munosib o‘rinlarni egallaydi.
Bilamizki, “Turon”da Islom Ismoilovdan tashqari uning dadasi – Murod Ismoilov ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bosh murabbiy klubdan ketish qarorini o‘zi mustaqil qabul qildimi yoki...
- Iste’foga chiqish qarorini o‘ylab yurgandim. Agar “Qizilqum” bilan o‘yinda ham natija yaxshilanmasa ketishimni e’lon qilmoqchi edim. Ota baribir farzandiga yaxshi bo‘lishini xohlaydi. Ular ham qarorimni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu murabbiyning qismati, bunga to‘g‘ri yondashish kerak. Menda baribir oriyat va g‘urur birinchi o‘rinda turadi. Ahvol bunday davom etishini o‘zim ham xohlamayman. Aytyapman-ku, jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ydim.
Islom Ismoilov “Turon” bilan birga ilk marta Superligada ko‘rinish berdi. U yosh bo‘lishiga qaramay, bir qancha jabhalarda futbol ommasining e’tiboriga tushdi. Ayniqsa, “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanidagi gaplari matbuotni “yondirdi”, futbolga qiziqmaydiganlarni ham e’tiborini tortdi. “Turon”ning natijalariga hakamlar qanchalik ta’sir ko‘rsatdi, bu borada Ismoilov shunday dedi:
- Bu narsalar o‘tib ketdi, ularga yana to‘xtalish noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Futbolda natijalar uchun barcha omillar ta’sir qiladi. Harakatlar faqatgina maydonda mashg‘ulot o‘tkazishga bog‘liq emas. Hammaga insof bersin. Murabbiy sifatida qo‘limdan kelganicha harakat qildim. Jamoaning g‘alabasi uchun barcha ishlarni amalga oshirdik. Qaerdadir omad keladi, qaerdadir yo‘q. Buni to‘g‘ri qabul qilaman. Ma’lum vaqt davomida kelajak faoliyatim uchun xatolarni takrorlamaslik maqsadida tahlil qilib chiqaman.
Shuningdek, AGMKga qarshi bahsdan so‘ng, u o‘zining feysbukdagi sahifasida futboldan bir umrga ketishim mumkin, agar ketsam boshqalarni ham o‘zim bilan tortib ketaman, qabilida yozgan gapi ham yana diqqat-markazimizda bo‘ldi. “Turon”ning sobiq ustozi bu vaziyatni shunday izohladi:
- To‘g‘ri, u erda xissiyotlarga berilib yozilgan. Holat shunaqa davom etadigan bo‘lsa, shu qarorga kelaman degandim. “Qizilqum” bilan uchrashuvda hakamga hech qanaqa e’tiroz bildirmayman. Jamoa mag‘lub bo‘ldi, bu vaziyatda hakamlar tomonidan ortiqcha noto‘g‘ri hatti-harakatlar amalga oshirilgani yo‘q. To‘g‘ri, oldingi uchrashuvlarda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Faqat yana shu holat davom etsa, degan mazmunda yozganman. Qarorimni e’lon qilib bo‘ldim, kimlarnidir aybdor qilib ko‘rsatishni xohlamayman. Hammaning o‘z hayoti bor. Mayli, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Haqiqat qachondir yuzaga chiqadi. Chetda bo‘lsam ham boshim tik holda ketdim. Chunki jamoada qing‘ir ishlarga aralashmadim. O‘yinni sotmadim yoki o‘yinni sotib olmadim. Yoki totalizatorga aralashganim yo‘q. Xullas, futbolni buzadigan ishlarga aralashmadim. Klubning bir so‘m puliga ham xiyonat qilganim yo‘q. Vijdonim Xudoning oldida doim toza. Uch yil davomida futbolda halol mehnat qildim. Ketganimdan afsuslanmayman, hech kimdan tilim qisiq joyi yo‘q. Kimnidir oldida bo‘yin egmadim. Faqat shundan xursandman, xolos.
“Turon” tarkibida tajribali o‘yinchilar jamlandi. Ancha-muncha jamoalarnikidan qolishmadi. Yoshlar bilan mahoratli futbolchilar uyg‘unlashuvi kuzatildi. Lekin natija bo‘lmagach, tarkibdagi futbolchilarda ham qandaydir nuqsonlar bormi? Ismoilovdan qaysi transfer xato bo‘lgani, keyingi rejalar va jamoaning imkoniyatlari haqida ham so‘radik.
- Qaysidir transfer xato bo‘ldi desam futbolchining nafsoniyatiga tegishi mumkin. Baribir bizda vaqt qisqa edi. Jamoa yangi, tezroq shakllantirish kerak edi. Ha, moddiy tomondan ahvol yaxshi, muammo yo‘q. Lekin yangi klubni shakllantirishda ko‘p futbolchilarda bizga nisbatan ishonchsizlik bo‘ldi. Yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni jamoamizga jalb qilganmiz, lekin hozir aytganimdek, ularda bizga nisbatan ishonchsizlik sezildi. Yangi klub qanday bo‘larkin, degan mazmundagi savollar yuzaga chiqdi. Futbolchilar ilgari bunday holatlarga tushib, qatiqni puflab ichadigan bo‘lib qolishgan. Vaqt qisqa bo‘lishiga qaramay, bor imkoniyatdan foydalanib futbolchilarni jalb qildik. Tarkibga to‘plagan o‘yinchilardan kimlardir o‘zini oqladi, kimlardir oqlamadi. Ularni nomma-nom aytsam, futbolchiga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Jamoaga kelayotgan har bir o‘yinchi yordam berishni istaydi. Hech kim turist sifatida kelaman demaydi. Baribir qaerdadir saviya va mahorat etishmovchiligi ko‘zga tashlandi. Jamoa hali Superligada o‘z so‘zini aytadi. Mavsum oldinda, “Turon” hech narsa yo‘qotgani yo‘q. Munosib o‘rinlarni egallash uchun jamoada barcha imkoniyatlar etarli darajada. Keyingi turlarda g‘alaba qozonadi, degan umiddaman. Jamoadan ketgan bo‘lsam ham uning yutuqlari men uchun qadrli bo‘lib qolaveradi.
Endi ozgina tanaffus e’lon qilaman. Sog‘ligim bilan bog‘liq muammolar bor. Davolanib olganimdan keyin yozda pro litsenziyasiga o‘qish boshlanadi. O‘qib, izlanib yanada kuchli bo‘lib qaytishga harakat qilaman.
Yonimda etarli mutaxassislar bo‘lgan, ular meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. Bizga faqat omad etishmadi. To‘g‘ri, birgina “Nasaf” bilan uchrashuvda jamoa yomon o‘yin namoyish etdi. Ammo qolgan bellashuvlarda barchaga manzur bo‘ladigan o‘yin ko‘rsatdi. Buni muxlislar ham, mutaxassislar ham e’tirof etishyapti. Qisqa muddat davomida o‘yin uslubimizni futbolchilarga singdira oldik. Barcha o‘yinlarda hujumkor futbol ko‘rsatdik. Baribir raqiblarni Superliga havosidan bahramand bo‘lganligi va tajriba o‘z so‘zini aytdi. Darvozamizdan o‘tkazib yuborgan gollarimiz ko‘proq oxirgi daqiqalarga to‘g‘ri keladi. Lekin “Nasaf”ni hisobga olmaganda qolgan uchrashuvlarda o‘yin tomonlama hech kimga mag‘lub bo‘lmadik. Hattoki, AGMKdan yaxshiroq o‘ynagandik. “Qizilqum” bilan bahsda ham yigitlar yaxshi harakat qildilar. Jamoamiz uchun taqvim tig‘iz edi, bir hafta ichida uchta o‘yin: “Paxtakor”, AGMK va “Qizilqum”! Baribir “Qizilqum”ga qarshi bahsda yigitlarda charchoq alomati sezilib qoldi. Tarkibimizda yosh futbolchilarni o‘stirishga muvaffaq bo‘ldik. Asliddin Toshtemirov, Asilbek Qayumov va yana boshqalarni asosiy tarkib futbolchisi sifatida shakllantira oldik. “Turon” – shunday loyihaki, buni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashsa, o‘zbek futboli uchun kerakli jamoalardan biri. Bu kabi klublarni qadrlash lozim. Baribir o‘zbek futbolining ertasi mana shunday jamoalar bo‘ladi, - dedi Islom Ismoilov.
Fikrlar