Kloppni yig‘latib, Tuxelni murakkab ahvolda qoldirgan yigitlar! Afrika kubogida ishtirok etadigan 10 ta yulduz!

  • 11 yanvar, 2022, 08:50
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Kamerunda Afrika Millatlar Kubogi start oldi. Musobaqada dunyo futbolining yulduzlari ishtirok etmoqda. Sports.uz turnirdagi eng kuchli futbolchilardan tuzilgan Top-10ni e’tiboringizga havola etadi.

10 o‘rin. Muhammad Benraxma (Jazoir)

benrahma

Benraxma 2015 yilda termada debyut qilgan, ammo o‘tgan yili asosiy futbolchiga aylandi. 2021 yil Muhammadga omadli keldi. "Vest Xem" bilan shartnoma imzoladi va asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Joriy mavsumda 8 gol va 4 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan yarim himoyachi Devid Moyesning markazdagi asosiy kuchiga aylanib bormoqda.

9 o‘rin. Frank Kesse (Kot-d'Ivuar)

Kot-dIvuar

"Fil suyagi yurti" yulduzlarga to‘la bo‘lsa ham, katta musobaqalarda juda omadsiz ishtirok etadi. Faqat 2015 yilga kelibgina ular turnirda Ganani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, yana Afrika tojini kiyishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir "fillar"ning tarkibi kuchli, ammo deyarli barcha taniqli futbolchilar hujum chizig‘iga javob beradi. Frank esa, ortga ko‘proq qaytgan xolda, jamoasiga yordam berishga urinib ko‘radi. Uning "Milan" bilan shartnomasi yil oxirida poyoniga etishini hisobga olsak, bu turnirda o‘zini yanada yaxshiroq ko‘rsatishga urinishi aniq.

8 o‘rin. Nabi Keyta (Gvineya)

Nabi Keyta

"Qora qit’a"dagi musobaqadan eng ko‘p jabr chekkan Yurgen Klopp desak, adashmagan bo‘lamiz. U o‘z hujumchilari bilan birgalikda, maydon markazidagi "joker"ini ham Afrikaga jo‘natib yubordi. Gvineyada Nabi Prezidentdan-da mashhurroq shaxs. Barcha uni mamlakat jamoasini "elkasida" olib yurishini kutmoqda. Keyta bu vazifani qanday uddalaydi? Voqealar rivojini kuzatishda davom eting!

7 o‘rin. Kalidu Kulibali (Senegal)

Kalidu Kulibali

Hozir "sherlar" musobaqada g‘olib chiqish uchun eng asosiy da’vogardan biri bo‘lib turibdi. Boshqalarnikidan farqli o‘laroq, barcha pozitsiyalarda kuchli futbolchilar jamlangan. Mudofaa esa "Napoli" a’zosi Kalidu Kulibaliga suyanadi. Jismonan baquvvat himoyachi bir necha yillardan beri superklublar e’tibor markazida, biroq Neapoldan ketgani yo‘q. 2019 yilda u Jazoirga qarshi final uchrashuvini o‘tkazib yuborgan va jamoasi 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. Bu safar u Kamerunga Senegalning sardori sifatida tashrif buyurdi va ortga faqat oltin medallar bilan qaytmoqchi.

6 o‘rin. Ashraf Xakimi (Marokash)

Ashraf Xakimi

"Real" tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay, uni "Borussiya" Dortmund kashf etdi. Keyin "Inter" bilan Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi. Hozirda Messi, Neymar va Mbappe singari top darajadagi futbolchilar bilan birga to‘p surmoqda. Shu o‘rinda qiziq fakt! Marokash Xakimi asosiy tarkibda tushgan so‘nggi 15 o‘yinning birortasida mag‘lubiyatga uchramadi. 13 g‘alaba va ikki durang!

5 o‘rin. Riyad Maxrez (Jazoir)

Riyad Maxrez

Uch karra APL chempionligini qo‘lga kiritgan vinger 2019 yilda sardor sifatida Jazoirni finalga boshlab tushgan va sovrinni ham aynan u birinchi bo‘lib qo‘lida baland ko‘targan edi. Pep Gvardiola qadrlaydigan futbolchi "Siti"da ham ancha katta natijalarga erishmoqda. 167 o‘yinda 52 gol va 42 assist! "Sahro tulkilari" start olgan musobaqada g‘alaba qozonish uchun bu mavsum ham asosiy da’vogarlardan biri!

4 o‘rin. Eduar Mendi (Senegal)

Eduar Mendi

Bu ro‘yxatda darvozabonni ko‘rishni taxmin qilganmidingiz? Qanday qilib "Chelsi"ni EChL oltin medallari sari etaklagan Mendini Top-10ga kiritmaslik mumkin? Eduar FIFA tomonidan har mavsum topshiriladigan "yilning eng yaxshi darvozaboni" sovriniga asosiy da’vogar bo‘lib turibdi! Afrika Millatlar Kubogida dunyoning eng kuchli posboni ishtirok etishi intrigani yanada oshirishi aniq.

3 o‘rin. Sebasten Alle (Kot-d'Ivuar)

Hujumchi ortga qolgan 2021 yilda dunyoning eng sermahsul futbolchilari ro‘yxatining kuchli o‘nligidan o‘rin egalladi. "Ayaks" va terma jamoa safida 12 oy ichida 37 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan "Ayaks" hujumchisi EChLda ham jim turgani yo‘q. 6 o‘yinda 10 bor gol kiritib, pley-off o‘yinlari oldidan Evropaning eng yaxshi straykerlaridan biriga aylanib oldi.

2 o‘rin. Sadio Mane (Senegal)

Sadio Mane

Mane 2019 yildagi musobaqada terma jamoasi bilan finalga etib borgan, ammo alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olgan edi. Bu safar "Liverpul" forvardi ishga ancha jiddiy kirishgan ko‘rinadi. U Senegal safidagi so‘nggi 11 o‘yinda 7 gol kiritib, musobaqaga a’lo darajadagi kayfiyatda tashrif buyurmoqda.

1 o‘rin. Muhammad Saloh (Misr)

Muhammad Saloh

Mane singari Saloh ham ortiqcha ta’rifga hojat bo‘lmagan futbolchilar sirasiga kiradi. Muhammad so‘nggi yillarda dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi. Hozir esa futbol olamidagi eng kuchli liga - APLning eng yaxshi futbolchisi! 20 o‘yinda gol+pas tizimida 25 ochko jamg‘argan misrlik Jeymi Vardining rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Misr "qora qit’a" birinchiligidagi g‘alabalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatgan. Shu kunga qadar birorta Afrika futbol jamoasi Misr singari kubokni 7 bor o‘ziniki qilib olishni uddalay olmagan. So‘nggi bor, 2010-yilda Misr Afrika taxtiga ko‘tarilgan. Qariyb 12 yillik tanaffusdan so‘ng, Muhammad Saloh boshchiligidagi Misr 8 sovrin sari harakatni boshladi.

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!