Kolosovskiyni Namanganda nima kutyapti yoxud "Metallurg" yutmasa bo‘lmaydigan sharoitda

  • 24 oktabr, 2024, 21:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

22-turda bekobodliklar "Navbahor" mehmoni bo‘ladi. Ushbu jamoalar bugungacha kuchlilar safida 55 marta uchrashishgan. Ularning 24 tasida "Navbahor", 13 tasida "Metallurg" g‘alaba qozongan, 18 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi namanganliklar foydasiga – 78:53. 

O‘zaro o‘yinlarda “Metallurg”ning yirik g‘alabasi – 5:1 (2016), “Navbahor”niki – 7:0 (2003) bo‘lib turibdi. Bu yilgi mavsumning birinchi davrasida Olmaliqda kechgan o‘yinda jamoalar 1:1 hichsobidagi durangga imzo chekishgandi.  

Namanganda o‘tkazilgan bahslarida to‘liq ustunlik vodiyliklar tomonida. Ortda qolgan 27 uchrashuvning faqat bittasida bekobodliklar zafar quchgan. 7 ta o‘yinda esa tomonlar murosaga kelishgan. 19 o‘yinda esa “Navbahor” g‘alaba qozongan. 

Jamoalarning Namanganda o‘tkazilgan so‘nggi beshta uchrashuvi:

2023 yil “Navbahor” – “Metallurg” – 3:0
2022  “Navbahor” – “Metallurg” – 0:0
2021  “Navbahor” – “Metallurg” – 1:0
2020  “Navbahor” – “Metallurg” – 1:1
2019  “Navbahor” – “Metallurg” – 0:0

Ma’lumki, ayni paytda "Metallurg"ga Grigoriy Kolosovskiy bosh murabbiylik qilyapti. U ikkinchi davra oldidan bekobodliklar jamoasini qabul qilib oldi. Unga qadar bir necha mavsum "Navbahor"da Samvel Babayanga yordam berib yurdi. Endi u sobiq klubiga qarshi jamoasini g‘alaba uchun tayyorlamoqda.

"Metallurg"ning ahvolini bilasiz, jamoa oxirgi o‘rinda. 21 ta uchrashuvda bu jamoa bor-yo‘g‘i bir bor g‘alaba qozondi xolos. 12 ta durang va 8 ta mag‘lubiyat qayd etib, ochkolari faqatgina 15 tani tashkil qilyapti va 13-pog‘onadagi "Loko"dan 3 ochkoga ortda qolyapti. Borgan sari "Metallurg"ning ligada qolish imkoniyatlari kamayib boryapti. Hozircha esa nazariy jihatdan imkoniyatlar bor ekan, bundan foydalanishi shart.

Xo‘sh, Namanganda "Metallurg"ning g‘alaba qozonishiga salohiyati etarlimi? Bu savolga Kolosovskiy jamoasining o‘yini bilan javob berishi lozim. O‘tgan turda Olmaliqda "Metallurg" "Andijon" bilan 0:0 o‘ynadi. Ko‘rdikki, bahs oxirlariga kelib bekobodliklar tashabbusni berib qo‘ydi va sal qolsa yutqazishi mumkin edi.  "Navbahor"ga qarshi uchrashuvning ahamiyatini "Metallurg" a’zolari tushunib turishibdi. Balki bu hayot-mamot jangiga aylanishi ham hech gap emas.

"Metallurg" safida to‘p surayotgan iqtidorli futbolchi Asad Sobirjonov uchun ham bu xuddi Kolosovskiy singari boshqacha ta’sir ko‘rsatsa kerak. Boisi, futbolchi ham bungacha "Navbahor"da faoliyat olib bordi va bu yil ikkinchi davra oldidan bekobodliklar safiga qo‘shildi. Sobirjonov sobiq jamoasiga qarshi o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatish payida bo‘ladi. U o‘tgan gal "Andijon" bilan uchrashuvda ham yaxshi o‘ynadi va bellashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Lekin birgina uning faolligi kamlik qilyapti. Futbol jamoaviy o‘yin bo‘lgani sababli butun jamoa ham faol bo‘lishi kerak. Ana shunda natijaga erishsa bo‘ladi. 

Kolosovskiy jamoasi Namanganda durang uchun o‘ynaydi, deb o‘ylamaymiz. "Metallurg" "Paxtakor"ni qanday yutganini ko‘pchilik ko‘rgandir. Demak, ular ham yutishni biladi va bunga majbur. "Navbahor" esa Kubok finalidagi mag‘lubiyatdan keyin muxlislari oldida har qancha g‘alaba qozonsa ham oz...

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!