
Krimets: G‘alaba uchun borimizni beramiz
Osiyo Chempionlar ligasining 1/4 final bosqichidan Toshkentning "Paxtakor" klubi Eronning "Persepolis" jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu uchrashuvdan oldingi matbuot anjumanida "sherlar" sardori Egor Krimets ishtirok etdi. Bu haqda, "Paxtakor" matbuot xizmati xabar berdi.
"Ertaga biz uchun juda muhim uchrashuv bo‘ladi. "Paxtakor" Chempionlar Ligasida anchadan beri bu bosqichga etib kelmagandi. Bizda yaxshi jamoa bor, g‘alaba uchun borimizni beramiz. Hozir finalgacha etib borish va musobaqada g‘olib bo‘lish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keldi va biz undan foydalanmoqchimiz. Bu ishni keyingi mavsumga qoldirib, yana bir yil kutmoqchi emasmiz.
Jarimadan gollarni o‘tkazib yuborish yoqimsiz, albatta. Murabbiylar shtabi bu borada ma’lum ishlarni amalga oshirishdi. Ular bizga shunday vaziyatlardagi xatolarimizni ko‘rsatib berishdi. Umid qilaman, keyingi o‘yinlarda hammasi joyida bo‘ladi.
Biz Anzur bilan ancha yillardan beri terma jamoada ham o‘ynaganmiz. Darhaqiqat, bir-birimizni yaxshi tushunamiz, o‘zaro bog‘liqligimiz a’lo darajada. Kerak paytda yarimta gap bilan o‘rnimizni to‘ldira olamiz.Bu oldindagi katta o‘yinlarda muhim. To‘rtta eng yaxshi klub qolganda nafaqat himoyadagilarning, balki hujumdagilarning ham bir-birini yaxshi tushunishi muhim sanaladi," - dedi Krimets.
Fikrlar