
Kroos: "Yamalning kutilmagan paslari uni eng xavfli raqibga aylantiradi"
Madridning sobiq "Real" yarim himoyachisi Toni Kroos so‘nggi vaqtlarda futbol olamida shov-shuvga sabab bo‘lgan "Barselona"ning 17 yoshli hujumchisi Lamin Yamal haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kroosning ta’kidlashicha, Yamalga qarshi o‘ynash nihoyatda qiyin, ayniqsa u o‘z o‘yin uslubini o‘zgartira boshlaganda bu yanada murakkablashdi:
"Laminga qarshi o‘ynash juda og‘ir. U driblingda juda kuchli, uning qanotdan markazga siljib hujumni kutilmagan tarzda davom ettirish qobiliyati uni murakkab raqibga aylantiradi. Hamma uni aldashini kutadi, lekin u ko‘pincha eng kutilmagan vaqtda pas beradi. Bu esa uni nihoyatda xavfli futbolchiga aylantiradi," – dedi Kroos The Touchline'ga bergan intervyusida.
Yamal joriy mavsumda "Barselona" safida 51 o‘yinda maydonga tushib, 15 ta gol urgan va 24 ta golli uzatma amalga oshirgan. Transfermarkt'ning ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchining transfer qiymati hozirda 180 million evroni tashkil qiladi. Uning klub bilan shartnomasi esa 2026-yilgacha mo‘ljallangan.
Fikrlar