
Kuba terma jamoasi murabbiyi o‘zbekistonlik bokschilarning potentsialini qanday baholashi, "Tokio-2020" va nega yurtimizda yig‘in o‘tkazayotgani haqida gapirdi
Ayni kunlarda boks bo‘yicha O‘zbekiston va Kuba terma jamoalari Toshkent viloyatida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda.
MOQ matbuot xizmati Kuba jamoasi bosh murabbiyi Rolando Montes bilan kichik suhbat tashkil etdi.
– O‘zbekistonda yig‘in o‘tkazish fikri qachon paydo bo‘ldi?
– Tokio Olimpiadasidan so‘ng, bu borada atroflicha fikrlashdik va taxminan 1 oy avval, yakuniy qarorga kelindi. O‘zbekiston jamoasi bilan iliq munosabatimiz bor. Ular avval Kubaga borishgan edi, bu gal biz Toshkentga keldik. Kelajakda bu munosabatni yanada mustahkamlamoqchimiz.
– Dastlabki sparring mashqlarini o‘tkazib oldik. Bokschilarimizdagi potentsialni qanday ko‘ryapsiz?
– O‘zbekiston termasining har qaysi yosh toifasidagi jamoasida juda katta potentsial bor. Yigitlaringiz mahorat va texnika borasida, shubhasiz, kuchli. Mamlakatingizning iqlimi, vitaminga boy mevalari va ovqatlari bokschilarni yanada kuchli qiladi.
– Ob-havo Kubaga qaraganda biroz sovuq ekani salbiy ta’sir o‘tkazmayaptimi?
– Yo‘q, bu katta muammo emas. Yig‘in professional darajada tashkillashtirilgan. Hech qanday muammoga duch kelayotganimiz yo‘q. Eng asosiysi, Sizlarda juda kuchli bokschilar bor. O‘zbek boksi bilan tajriba almashish biz uchun juda muhim.
– Siz faoliyatingiz davomida juda ko‘p Olimpiya o‘yinlarida ishlagansiz. Nima deb o‘ylaysiz, "Tokio-2020" boshqalari bilan qanday farq qildi?
– Hozirda boks butun dunyoda rivojlanmoqda. Jahon miqyosida o‘tkaziladigan musobaqalar saviyasi, tabiiyki, bir hil darajada emas. Koronavirus pandemiyasi bilan bu Olimpiada tsiklida o‘zimiz xohlaganchalik tayyorlana olmadik. Zamonaviy sportda yuqori darajani ushlab turish uchun biz ham o‘z ustimizda ishlab, yangilik qilib borishimiz kerak.
– Mashg‘ulotlar davomida ko‘ryapmizki, Roniel Iglesias ko‘p bora asosiy jamoadan ajralgan holda mashq qilmoqda. U bilan individual dastur ishlanganmi?
– Yo‘q, u o‘zi tabiatan shunaqa. Roniel jamoamizning etakchi vakili. U yillar davomida olgan tajribasi bilan ba’zi vaziyatlarda alohida yurib o‘zini shunday tayyorlaydi.
Fikrlar