
Kuchli beshlikning qiziqarli statistikalari
Evropaning top-5 ligalarida tur o‘yinlari yakuniga etdi. Nafaqat Evropaning, balki jahonning eng kuchli top-5 ligalari hisoblanadi. Angliya va Italiyada 11 ta tur, Ispaniya va Frantsiyada 12 ta tur, Germaniyada esa 10 ta tur otda qoldi. Ushbu o‘yinlardan keyingi qiziqarli natijalar va statistikalarga to‘xtalib o‘tamiz.
APL
Angliya Premer Ligasining ortda qolgan 11 ta turidan keyin, "Liverpul" klubi birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi va bu peshqadamlikni ta’minlab turibdi. "Liverpul" bittagina durang qayd etib, o‘zining eng yaqin ta’qibchisi "Man Siti"ni 6 ochkoga ortda qoldirmoqda. Liganing top-6 jamoalarining ikkitasi MYu va "Tottenxem" 4 tadan durang va 4 tadan mag‘lubiyatga uchrab, 10 va 11-o‘rinlarni egallab turishibdi. Birorta ham g‘alabani qo‘lga kirita olmagan "Uotford" jamoasi 5 ochko bilan turnir jadvalining eng so‘nggi pog‘onasidan joy olib turibdi. Barchadan eng ko‘p "Man Siti" raqiblari darvozasiga naqd 34 ta golni urishga ulgurdi. "Uotford"da gollar soni bor-yo‘g‘i 6 tani tashkil etmoqda. Mavsumni yuqori tempda o‘tkazayotgan "Lester" va "Sheffild" jamoalarining darvozasiga raqiblari bor-yo‘g‘i 8 tadan gol ura olishgani ham e’tiborga molik. Grand jamoalar bilan qolganlarni doimo o‘rtasida bo‘lib kelayotgan "Vulverxempton" joriy mavsum 7 ta durang natija qayd etishga ulgurdi va to‘plar nisbati ham 14 taga 14 tani tashkil etmoqda.
To‘purarlar ro‘yxatida "Lester" yulduzi Jeymi Vardi 10 ta gol bilan etakchilik qilmoqda. "Manchester Siti" forvardi Aguero va "Chelsi hujumchisi Temmi Abraxam hisobida 9 tadan gol bor. "Arsenal" futbolchisi Obameyang raqiblar darvozasiga 7 ta gol urishni uddasidan chiqqan bo‘lsa, to‘purarlar beshligini "Man Siti"ning yana bir a’zosi Sterling 7 ta gol bilan yakunlab bermoqda.
"Vulverxempton" himoyachisi Romen Saiss 3 ta sariq kartochka va bitta qizil kartochka ishlab olishga ulgurdi. "Aston Villa" futbolchisi Trezege va "Everton"ning bir yo‘la ikki futbolchisi Morgan Shnayderlin va Shimus Koulmen ikkitadan sariq va bittadan qizil kartochka bilan jazolanishga ulgurishdi. Bundan tashqari, "Kristal Pelas" himoyachisi Luka Milivoevich 6 bor xakamlar tomonidan ogohlantirildi.
La Liga
Ispaniyada 12 ta tur bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, "El-klassiko" qoldirilgani tufayli mamlakatning 2 ta grand jamoasi "Real" va "Barsa" hisobida 11 ta uchrashuv bor. Garchi, shunday bo‘lsa ham chempionatning yuqori o‘rinlarini egallab turishlariga bu holat to‘sqinlik qilmayapti. Kataloniyaliklar bitta durang va 3 mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘lishdi. Madrid klubi esa 4 ta durang va bitta mag‘lubiyatni qabul qilib oldi va grandlarning hisobida 22 tadan ochko bor. Bu klublardan tashqari, 12 ta bahsni o‘tkazib ulgurgan "Real Sosedad" hisobida ham 22 ochko bor. Oxirgi turda o‘zaro durang o‘ynagan "Atletiko" va "Sevilya" 21 tadan ochkoga ega bo‘lib turishibdi va 4-5-o‘rinlarni bo‘lishib turishibdi. "Malorka" ustidan kichik 1:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritgan "Leganes" uchun ushbu natija hozircha yagona g‘alaba bo‘lib xizmat qilmoqda va klub 5 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasidan joy olib turibdi. "Atletik" va "Atletiko" o‘z darvozalaridan barchadan eng kam, 7 tadan gol o‘tkazib yuborishgan. "Barselona" raqiblari darvozasiga 29 ta gol urgan bo‘lsa, "Leganes", "Selta" va "Espanol" hisobida 6 tadan gol bor.
"Goleadorlar" ro‘yxatini "Vilyarreal" hujumchisi Jerar Moreno 8 ta gol bilan boshqarib turibdi. "Betis" futbolchisi Loren Moron va "Real" forvardi Karim Benzema hisobida esa 7 tadan bor. "Alaves" a’zosi Lukas Peres, "Barselona" hujumchisi Luis Suares va "Valensiya" futbolchisi Daniel Parexo hisoblarida 6 tadan gol bor.
La Ligada APLga nisbatan futbolchilar qo‘polroq yoki xakamlar qattiqqo‘lroq. "Alaves" himoyachisi Manu Garsiya va "Espanol" futbolchisi Naldo hisobida 4 tadan sariq va bittadan qizil kartochka mavjud. "Osasuna" himoyachisi Fran Merida, "Betis" futbolchisi Villyam Karvalyu, "Selta" vakili Papa Sheyx uch marotabadan xakamlar tomonidan ogohlantirilishgan va bir marotabadan qizil kartochka bilan jazolanishgan. Bundan tashqari, "Alaves" himoyachisi Mubarak Vakaso 7 marotaba sariq kartochka ishlab olgan bo‘lsa, "Barselona" himoya qo‘rg‘oni Jerar Pike va "Granada" futbolchisi German Sanches 6 tadan sariq kartochka bilan ogohlantirilishgan.
A Seriya
So‘nggi yillarda yaqqol karvonboshilik qilgan "Yuventus"ga bu safar jiddiy raqobatlik qilayotgan jamoa bor. Bu "Inter". Oradagi farq ham bor-yo‘g‘i 1 ochkoni tashkil etmoqda. "Inter" klubining top-5 chempionatlari orasida safardagi o‘yinlarning barchasida g‘alaba qozongan yagona klub bo‘lib turganligi ham bu mavsum "Yuventus"ga oson bo‘lmasligiga darak beradi. "Napoli" ettinchi va "Milan" 11-o‘rinni egallab turgani kutilmagan holatni taqdim etmoqda. "Milan" bosh murabbiyini almashtirgani ham hozircha foyda bermayapti. Ligada 11-tur uchrashuvlari yakuniga etmagan. Oxirgi o‘rinlarni egallab turgan klublarning o‘zaro o‘yinlari kutib turibdi. Bugun SPAL o‘z uyida KLaudio Raneri shogirdlari hisoblanmish "Sampdoriya"ni qabul qiladi. Mario Balotelli to‘p surayotgan "Breshiya" klubining "Sassuolo"ga qarshi bahsi esa noma’lum muddatga qoldirilgan. Chempionatda "Yuventus" va "Verona" jamoalari o‘z darvozalaridan bor-yo‘g‘i 9 tadan to‘p olib chiqishgan. "Atalanta" raqiblari darvozasiga umumiy 30 ta gol urgan bo‘lsa, "Jenoa" o‘z darvozasidan 26 marotaba to‘p olib chiqdi.
To‘purarlar beshligi esa quyidagi ko‘rinishga ega: Chiro Immobile ("Latsio") 13 ta, Romelu Lukaku ("Inter") 9 ta, Luis Murel ("Atalanta") 8 ta, Domeniko Berardi ("Sassuolo") 7 ta va Esteban Sapata Banguera ("Atalanta") 6 ta.
"Milan" futbolchisi David Kalabriya 2 marotaba maydondan chetlatilishga ulgurdi va yana 2 marotaba sariq kartochka bilan jazolandi. 4 ta futbolchi 3 ta sariq va bitta qizil kartochka bilan jazolangan. Bular: "Bolonya" himoyachisi Gari Medel, "Roma" a’zosi Janluka Manchini, "Sampdoriya" vakili Ronaldu Vieyra va "Verona" himoyachisi Marash Kumbulla. "Jenoa" himoyachisi Kristian Romero esa 6 marotaba xakamlar tomonida ogohlantirilgan.
Bundesliga
18 klub qatnashadigan Bundesliganing 10-turidan keyin, kutilmaganda favorit jamoalar karvonboshilik qilishmayapti. "Borussiya" M bitta durang va ikkita mag‘lubiyatga uchrab, 19 ochkoga ega bo‘lgan "Borussiya" D klubini 3 ochkoga ortda qoldirmoqda. So‘nggi turda "Ayntraxt" klubidan sensatsion tarzda, yirik 5:1 hisobida mag‘lubiyat a’lamini qabul qilib olgan "Bavariya" 4-pog‘onani egallab turibdi. Favoritlarga ancha qiyin bo‘layotgan, g‘alabalar esa osonlikcha qo‘lga kiritilmayotgan joriy mavsumda "Paderborn" 1 ta g‘alaba va bitta durang bilan 4 ochko to‘plagan holda so‘nggi o‘rinda bormoqda. 8-pog‘onani egallab turgan "Volfsburg" jamoasi darvozasiga raqiblari yo‘l topishda katta qiyinchilikka uchramoqda va jamoa 10 ta bellashuvdan so‘ng, o‘z darvozasidan atigi 8 ta to‘p olib chiqdi holos. Ammo kubok bahsida "Leyptsig" jamoasi bir o‘yinning o‘zida "bo‘rilar" darvozasiga 6 ta gol urishgandi.
"Bavariya"ning polshalik forvardi Robert Levandovski o‘tgan 10 ta turdan keyin, 14 ta gol bilan etakchilik qilmoqda. "Leyptsig"ning bir necha yillardan buyon yorqin o‘ynab kelmoqda Timo Verner 9 ta gol urgan bo‘lsa, " Fortuna Dyusseldorf" hujumchisi Rouven Xennings va "Ayntraxt Frankfurt" forvardi Gonsalo Pasiensiya 6 tadan gol urishga erishgan.
"Kyoln" himoyachisi Kingsli Exizibyu 3 bor xakamlar tomonidan ogohlantirilgan bo‘lsa, yana bir marotaba qizil kartochka bilan jazolandi. "Paderborn" futbolchisi Klaus Yasula va "Maynts" himoyachisi Mussa Niaxate 5 marotabadan ogohlantirilishgan.
Liga 1
Chempionatning yuziga aylanib ulgurgan PSJ klubi bu mavsum g‘alabarni osonlikcha qo‘lga kiritmayapti. Asosan, so‘nggi daqiqalarda urilgan gollar jamoaning g‘alabasiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, birorta ham durang o‘ynamagan parijliklar 3 marta mag‘lubiyatga ham uchrab ulgurishdi. Yana bir qiziq tomoni, turnir jadvaliga nazar tashlaganda, yaqqol "autsayder" jamoaning o‘zi yo‘q. Garchi "Nim" jamoasi 11 ochko bilan oxirgi o‘rinni egallab turgan bo‘lsada, naqd 4 ta klubdan bir ochkoga ortda qolmoqda. "Reyms" jamoasi ham bor-yo‘g‘i 6 tagina gol o‘tkazib yuborgani e’tiborga loyiq. BU PSJning ko‘rsatkichidan ham yaxshiroq. "Dijon" va "Strasburg" raqiblar darvozasiga 7 marotabadan yo‘l topa olishdi holos. "Monako" va "Tuluza" klublari o‘z darvozalaridan 22 marotabadan to‘p olib chiqishdi.
To‘purarlar ro‘yxatiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, "Monako" hujumchisi Vissam Ben Yedder 9 bor gol urishga erishdi. "Mets" forvardi Xabibu Muxamadu Diallo va "Lion" a’zosi Mussa Dembele 8 tadan gol urgan bo‘lishsa, "Lill" vakili Viktor Osimen va "Lion"ning yana bir futbolchisi Memfis Depay 7 marotabadan raqib darvozabonlarini ranjitishdi.
Bir yo‘la ikki futbolchi "Nitstsa" himoyachisi Rasin Koli va "Monako" futbolchisi Ruben Agilar 2 tadan qizil kartochka ishlab olishdi. Faqat farq shundaki Rasin Koli 3 marotaba xakamlar tomonidan ogohlantirilgan, Agilar esa bir marotaba sariq kartochka olgan. Yana 2 ta futbolchida 3 ta sariq va bitta qizil kartochka bor. Bular: "Marsel" himoyachisi Bubakar Kamara va "Reyms" a’zosi Mussa Dumbiya.
Fikrlar