
Kumikovni "Andijon"da ishlashga qanday ko‘ndirishdi? Klub vitse-prezidentidan yangi murabbiy haqida
Bosh murabbiysiz qolgan “Andijon”ni kim boshqarishi oxirgi paytda ko‘ndalang savol sifatida qo‘yilayotgandi. Xabaringiz bor, “Burgutlar” chempionatning dastlabki ikkita turida yutqazib, bir bor durang o‘ynaganidan so‘ng bosh murabbiy rolida ishlab kelgan Aleksandr Xomyakov o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqqandi.
Bu orada “Andijon”ni yosh, iqtidorli murabbiy Diyor Mirzaboev vaqtincha boshqarib turishi aytilgandi. Biroq klub rahbarlari baribir ushbu lavozimga ko‘pni ko‘rgan, mahoratli murabbiyni tayinlash borasida izlandi. Yakunda bu masala echimi topildi.
Qizig‘i, klubdan ketgan rossiyalik murabbiy o‘rni boshqa bir rossiyalik mutaxassis bilan to‘ldirildi. Kumikovni muxlislar yaxshi biladi. Uning yurtimizdagi oxirgi boshqargan jamoasi AGMK edi. So‘ngra, Qozog‘iston chempionatida ishladi. Endi Viktor Balyutovich bor e’tiborini “Andijon”ga qaratadi.
Bunday darajadagi murabbiyni ko‘ndirish ham oson kechmagandir. Qolaversa, uning aynan “Andijon”ni boshqarishini balki ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi ham mumkin. Biz mazkur murabbiy bilan bog‘liq voqealar rivoji qanday tus olgani, qay tariqa kelishuvga erishgani kabi muxlislarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha “Andijon” klubining vitse-prezidenti Ma’ruf Abdusalomov bilan suhbatlashdik.
- Kunning muhim xabarlaridan biri sifatida Viktor Kumikovning “Andijon”ga bosh murabbiy etib tayinlanganini aytish mumkin. Ushbu mutaxassisni tanlashingizga asosiy sabab nima?
- Hammamizga yaxshi ayonki, Viktor Balyutovich ishlagan jamoalarida ijobiy natijalarga erishgan. Akademiyalarning ish samaradorligini ham oshirishga katta hissa qo‘shgan. Qozog‘istonda “Shaxtyor” klubi bilan qanday muvaffaqiyatlarga erishganini ham yaxshi bilamiz. Bundan tashqari, Kumikov o‘sha paytlarda Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyiga ham o‘z maslahatlari bilan yordam bergan. Kumikovning ish uslubida uning plyus tomonlari katta, hali minus taraflarini ko‘rmadim. Yana bir muhim jihatlardan biri shundaki, Kumikovni oldingi murabbiyimiz Aleksandr Xomyakovning ustozi, deb bilaman. Chunki Viktor Balyutovich bo‘lmaganida u “Mash’al”ga kelmagan bo‘lardi. O‘sha kezlarda Xomyakovni darvozabonlar murabbiyi sifatida taklif qilgandi.
- Viktor Balyutovich bilan muzokaralar qanday kechdi? Ko‘pchilik uni narxi qimmat murabbiy, deb ham hisoblaydi. Shunday ekan, u bilan kelishish qiyin kechmadimi?
- Bilasizmi, murabbiy bilan uchrashganimizda, jamoaga yordam bermoqchiman, “Andijon”ning muxlislari menga yoqadi, degan fikrlarni bildirdi. Shuningdek, u har qanday o‘yinda ham jamoani minglab ishqibozlar qo‘llab-quvvatlaydi, ular aslo “Andijon”ni yolg‘iz qoldirmaydi, meni birinchi navbatda shu narsa o‘ziga tortdi, degan gaplarni ham aytdi. Albatta, u bilan muzokaralar jarayonida klubning hozirgi moliyaviy holati haqida ham gaplashdik. Kumikov birinchi navbatda natija ko‘rsataylik, shundan keyin pul o‘z-o‘zidan kelaveradi, dedi. Shu bilan birga bizdan aniq summa talab qilgani ham yo‘q. Umuman olganda, muzokaralar davomida u bilan fikrimiz bir joydan chiqdi. U bizning taklifimizga ko‘ndi. O‘ylaymanki, bu yomon tanlov emas.
- Uchta turdan keyin Xomyakovning “Andijon”dan ketishi kutilmagan holat bo‘lgandi. Ayting-chi, uning jamoada olib borgan ishiga qanday baho berasiz va klubdan ketganiga munosabatingiz qanday?
- Uning ish uslubi menga yoqqandi. Yo‘qdan bor qiladigan murabbiy edi. Xomyakovning ishiga e’tiroz yo‘q. Ammo, bu futbol. Bugun bu erda bo‘lsa, ertaga “Navbahor”da, keyin “Paxtakor”da bo‘lishi mumkin. Hayot esa davom etaveradi. Murabbiy ketib qolsa, Andijonda futbol to‘xtab qoladi, degani emas. Biz hozir ham Aleksandr Andreevich bilan gaplashib turamiz. O‘rtamizda iliq munosabatlar saqlanib qolgan. U hozircha navbatdagi tanlovini amalga oshirgani yo‘q. Agar qaysidir klubni boshqaradigan bo‘lsa, bu borada unga omad tilayman. Ketgan murabbiyning o‘rniga munosib nomzodni tanladik. Xomyakov Andijondan pul uchun ketgani yo‘q. Shunchaki, ish joyini o‘zgartirmoqchi bo‘ldi xolos.
- Kumikovning murabbiylar shtabi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
- Diyor Mirzaboev Kumikovning yonida bo‘ladi, bu shubhasiz. O‘zim ham yosh mutaxassisimiz – Mirzaboevga ishonaman. Uning tajribali murabbiy oldida yanada malakasi oshishini istayman. Kumikov bir yillik murabbiy emas. Xudo xohlasa, u bilan kamida ikki yil davomida birga ishlaymiz. Albatta, shartnomada 2021 yilni qayta ko‘rib chiqish sharti bilan kelishuvga erishganmiz.
- Yangi murabbiy Andijonda qachondan ish boshlaydi?
- Futbolimiz rahbarlaridan qachon ruxsat bo‘lsa, shunda ish boshlanadi. Hozir karantindamiz. PFL tomonidan mashg‘ulotlar o‘tkazilishiga ruxsat bo‘lganidan so‘ng Kumikov klubda ish boshlaydi. Ayni paytda klub bazasida kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. U erdagi sharoitlarni yanada yaxshilayapmiz.
Fikrlar