
Kurash. Bugun Prezident sovrini uchun turnirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi (+intervyu)
O‘zbek kurashi bo‘yicha Prezident sovrini uchun xalqaro musobaqa boshlandi. Termiz shahri mezbonlik qilayotgan mazkur nufuzli turnirda 30 ga yaqin davlatdan sportchilar ishtirok etmoqda. Bugun ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda Xalqaro kurash assotsiyatsiyasi prezidenti Haydar Farmon, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan har bir mutasaddi o‘z nutqi davomida sportchilarga omad va zafarlar yor bo‘lishini tiladi va butun musobaqa butunlay halol o‘tishiga va’da berdi. Boisi, O‘zbek kurashining asosiy printsipi ham aynan halollik, deya ta’kidlandi ochilish marosimida. Shundan so‘ng, turli hil mamlakatlardan kelgan kurashchilar gilamga chiqa boshladi.
Biz esa O‘zbekiston kurash federatsiyasi vitse-prezidenti, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komil Yusupov bilan suhbat uyushtirdik:
“Ushbu turnir ilk marotaba 1993 yilda o‘tkazilgan. O‘sha vaqtdan beri Surxon vohasi mazkur musobaqani yoritishda yaqindan yordam berib kelmoqda. Biz ularning tashkilotchilik ishlarini hurmat qilamiz. Turnirning ahamiyati jihati shundaki, u milliy sport turimizning jahon miqyosiga chiqishi yo‘lida katta yordam beradi.
Bu safargi musobaqaning yana bir ustunlik tomoni pandemiya sharoitida aksariyat davlatlar o‘zlarida katta turnirlarni qabul qila olmayapti. Biz esa katta jasorat bilan 30 ga yaqin mamlakatdan sportchilarni taklif etganmiz. Bu holat bizga katta g‘urur beradi.
Mana shunday sa’y-harakatlarimiz bilan kurashimizni Osiyo o‘yinlariga kirishiga erishdik. Umuman olganda, Osiyo birinchiligi ham kichkina turnir emas. 4 yillikning nufuzli musobaqasidan keyin qit’a chempionatlari eng katta musobaqa sanaladi. Shunga qarmay, to‘xtash niyatimiz yo‘q va O‘zbek milliy kurashini Olimpiya o‘yinlariga kiritish uchun harakat qilishdan charchamaymiz”.
Fikrlar