
Legionerga aylanayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar jamoalariga kerak emasmi? Nega ular ijaraga berib yuborilmoqda?
Transferlar oynasi payti futbolchilarning jamoalarini o‘zgartirishi odatiy hol. O‘z navbatida, hamyurtlarimiz ham xorijga yo‘l olmoqda. Vakillarimiz legionerga aylanyapti. Biroq ko‘p o‘tmay, ular ortga qaytadi yoki oxirgi paytlarda boshqa jamoaga ijaraga berib yuborilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, keraksiz, zaxira variant sifatida jamoaga jalb qilinayotgandek.
Bunga etarlicha misol keltirishimiz mumkin. Masalan, arab davlatiga ketganlar yarim mavsumda ortga qaytganlarini ko‘rdik. Rossiyaga borib hali rasmiy o‘yinda qatnashmasdan boshqa klubga yo‘l olganlarni ham. Yoki Premer-liganing kuchliroq klubiga borib, zaxirada o‘tirganlar bor. Bu nimani anglatadi? Bu futbolchilarimizda hali chet elda o‘ynash uchun salohiyat etarli emasligidan, nazarimizda. Chunki o‘tgan yili juda ko‘p reklama qilingan Jasur Jaloliddinov Moskvaning “Lokomotiv”iga borib, o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng, “Tambov”ga ijaraga berib yuborildi. Ushbu klubda moliyaviy inqiroz tufayli faoliyati uzoqqa so‘zilmasdan yurtimizga qaytib keldi.
Oston O‘runov “Spartak” a’zosiga aylandi. Avvaliga yarim himoyachimizga moskvaliklar ayrim bellashuvlarda imkoniyat berayotgandi. Ammo keyin...
O‘runov “Spartak” klubiga ko‘chib o‘tganda, ko‘pchilik undan “Ufa”dagi o‘yinlarini kutgandi. Biroq yakunda unday bo‘lmadi. Ancha vaqt hamyurtimiz e’tibordan chetda yurdi. Mana endi “Spartak” O‘runovni xorij yig‘iniga olib ketdi. Ko‘ramiz, uning keyingi taqdiri qanday kecharkin. Har holda jamoa tarkibga boshqa legionerlarni tinmay jalb qilmoqda...
Doston Hamdamov. “Paxtakor”ning sobiq vakili BAAning “Al-Nasr” klubi bilan shartnoma imzoladi. Hamdamov Dubay jamoasi bilan bir yarim yillik bitim tuzgandi. Lekin “Al-Nasr” jazoirlik Mehdi Obeidni transfer qilgani bois hamyurtimizni chempionat boshqa ishtirokchisi, ayni payt turnir jadvalida oxirgi o‘rinda borayotgan "Hatta" jamoasiga ijaraga berdi. “Al-Nasr” Obeid safga qo‘shib olingani uchun uni Hamdamov o‘rniga ro‘yxatdan o‘tkazishi ma’lum qildi.
Jaloliddin Masharipovning transferi shu qadar uzoq cho‘zildiki, hatto seriallar ham bu darajada ko‘p bo‘lmaydi. Unga qiziqqan jamoalar talaygina. Masharipov bo‘ldi, yangi jamoa bilan kelishdi, deyilgandan keyin ham shartnoma imzolash jarayoni cho‘zildi. U ham mayli, Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi Jaloliddinni to‘satdan Birlashgan Arab Amirliklariga qo‘yib yubordi. Hamyurtimiz “Shabab Al-Ahli” klubida ijara asosida mavsum oxiriga qadar to‘p tepadi.
Bunga sabab sifatida “An-Nassr” klubdagi xorijlik futbolchilar limiti tufayli yoki moliyaviy holatdan kelib, chiqib shunday yo‘l tutgani aytilgan. Biroq nima bo‘lishidan qat’iy nazar etakchi futbolchimizga yangi jamoasida joy topilmadi. Har holda undan yanada kattaroq klubga o‘tishi kutilgandi.
Aftidan xorij klublari futbolchilarimizga asosiy tarkibdan joy berishni taklif qilmayotgan ko‘rinadi. Chunki ular hali klubga qo‘shilmasidan boshqa jamoaga ijaraga berib yuboryapti. Ayrimlarida ularning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan voqealar yuz bermoqda. Lekin baribir o‘zingiz o‘ylang, agar etakchi o‘yinchilarimiz bilan shunday holatlar bo‘lyaptimi, demak, bizga nisbatan ishonchsizlik bor. Aks holda bu holatlarga duch kelmasdik.
To‘g‘ri, chet elda omadi chopayotgan futbolchilarimiz ham etarli. Eldor Shomurodov Italiyaning "Jenoa" klubida, Otabek Shukurov va Aziz G‘aniev BAAning "Sharja" va "Shabab Al-Ahli" jamoasida muvaffaqiyatli o‘ynamoqda. Ammo boshqa etakchi futbolchilarimiz bilan sodir bo‘layotgan voqealar kishini o‘ylantirishi tabiiy. Futbolchilar katta klublarga o‘tishdan avval u erda faoliyat yurita olishga qodirligini o‘ylab ko‘rsa o‘zi uchun foydali bo‘lardi.
Fikrlar