Legionerimizning qarori qat’iy: u boshqa chempionatga ketyapti

  • 26.12.2024 00:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Qishki transfer oynasi ochilgan mahalda futbolchilarning “bozor”i “qaynaydi”. Bunday paytda muxlislarni o‘yinchilarning klubini o‘zgartirayotgani, jamoalarda qanday yangiliklar bo‘layotgani qiziqtiradi. Shuningdek, kimdir legionerga aylanadi yoki kimdir legionerlikdan ketib o‘zimizni chempionatga qaytadi.

Joriy mavsumni Qirg‘iziston chempionatida o‘tkazgan hamyurtimiz Saidumar Sodiqovning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi. Kelasi yili 23 yoshni qarshilaydigan iqtidorli hujumkor yarim himoyachi bu yil “OshMU Aldier” jamoasi sharafini himoya qildi. Ungacha esa Sodiqov “Andijon” klubida to‘p surgan.

Qirg‘iziston chempionatida “OshMU Aldier” 10 ta klub orasida 25 ochko bilan 7-pog‘onadan joy oldi. Sodiqov esa jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Saidumar 25 ta uchrashuvda 4 ta gol urdi va 7 ta golli pasni uzatdi. Aynan assist bo‘yicha u Qirg‘iziston chempionatida ikkinchi o‘rinda bo‘ldi. Gol+pas bo‘yicha ham legionerimizning ko‘rsatkichlari ijobiy ko‘rinish oldi. Unga yozda ham qiziqarli takliflar tushgandi. O‘zbekistondan va Chernogoriyadan Saidumarning xizmatiga qiziqish bildirgan klublar bo‘lgan. Ammo o‘shanda qirg‘iz jamoasi hamyurtimizni tarkibda saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu safar vaziyat boshqacha. Chunki futbolchining shartnomasi tugadi. Garchi “OshMU Aldier” uni saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Saidumar endi yangi chaqiruvlarni qabul qilmoqchi. Qolaversa, Qirg‘izistonning etakchi jamoalari ham futbolchimizga taklif bilan chiqishdi. Ammo u rad etdi.

Saidumarning agenti Belarus chempionatidan qiziqarli taklifni taqdim qildi. Aniqrog‘i, “Slaviya Mozir” jamoasidan hamyurtimiz uchun jiddiy taklif kelib tushdi. Muzokaralar deyarli ijobiy yakun topgan. Sodiqov yanvar oyining boshlarida Belarusga jo‘nab ketadi.

Saidumarda ham o‘zini Belarus chempionatida sinab ko‘rish ishtiyoqi kuchli va shu orqali Evropaning yanada kuchliroq chempionatiga yo‘l olishni maqsad qilgan. Yanvar oyida futbolchimiz “Slaviya Mozir” bilan shartnoma imzolaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!