
“Liverpul” 5 yilda 26 ta uchrashuv o‘tkazgan darvozabonni maqtab-maqtab xayrlashdi
Angliya Premer-ligasi vakili “Liverpul” darvozabon Adrian klubni tark etganini rasman e’lon qildi.
- Adrian “Liverpul”ni tark etmoqda. “Enfild”da o‘tkazgan besh yil davomida u klubning muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shdi.
Jamoadagi do‘stlari va klub xodimlari orasida muhim shaxs sifatida tanilgan Adrianga klubdagilarning eng yaxshi tilaklarini izhor etamiz. Hammasi uchun rahmat, - deb yozdi klub matbuot xizmati.
Adrian “Betis” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Ispaniya chempionatida bir necha yil o‘ynagan posbon 2013 yili Angliya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tib, “Vest Xem”dan qo‘nim topgandi. 2019 yili Adrian erkin agent maqomida “Liverpul”ga ko‘chib o‘tdi.
Besh yil davomida ispaniyalik golkiper “Liverpul” safida jami 26 marotaba maydonga tushdi, 36 ta to‘p o‘tkazib yubordi va ettita uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Yakunlangan mavsumda murabbiylar shtabi biror marotaba 37 yoshli darvozabon xizmatidan foydalanmadi.
Fikrlar