
Lola Karimova O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi rahbari lavozimini tark etdi
Lola Karimova-Tillyaeva O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi rahbarligi lavozimini tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qildi.
– Mana 13 yillik faoliyatimdan so‘ng O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidentligi lavozimini tark etishga majbur ekanligimni e’lon qilmoqchiman. Men barcha sportchilarimiz, federatsiyaning butun murabbiylar jamoasi hamda barcha ishchi xodimlariga a’lo bajarilgan faoliyatlari, ushbu sport turini yuqori darajaga ko‘tarishdagi hissalari, uning rivojlanish yo‘lida tinimsiz mehnatlari hamda g‘ayratlari uchun chin dilimdan tashakkur bildirmoqchiman.
– Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti lavozimini saqlab qolgan holda men ushbu ajoyib sport turining ashaddiy muxlislaridan bo‘lib qolaman. Bizning o‘zbek gimnastlarimizga kelgusi faoliyatlarida omad va g‘alabalar tilayman, – deb yozadi Lola Karimova-Tillyaeva.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi 2005 yil Lola Karimova-Tillyaeva boshchiligida tashkil qilingan. Yangi gimnastika federatsiyasi bu vaqtgacha alohida faoliyat yuritib kelgan 5 ta gimnastika federatsiyasini birlashtirdi.
2007 yilda Karimova-Tillyaeva sportchilarga nafaqat peshqadam murabbiylik gimnastika milliy maktabini tashkil qilish, balki ularga tibbiy, dietik va psixologik yordam berish loyihasini boshqargan.
2010 yil dekabrda qit’a miqyosida ushbu sport turining rivojlanishi va targ‘ibotiga qo‘shgan hissasi uchun Osiyo gimnastika ittifoqi (OGI) bosh assambleyasi Lola Karimova-Tillyaevani OGIning faxriy prezidenti etib sayladi.
Bu davr oralig‘idagi eng yaxshi natija Pekin Olimpiadasida qayd etilib, unda Anton Fokin brusda bajarilgan mashqlar va Ekaterina Xilko batutda sakrash bellashuvlarda bronza medallarini qo‘lga kiritishgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida Lola Karimova-Tillyaeva YuNESKOning O‘zbekistondagi vakili lavozimini tark etganligini ma’lum qilgan edi. U bu lavozimda 10 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlab kelgan.
Fikrlar