
Luka Modrich: "Milan"ni Evropaning eng yuqori pog‘onasiga qaytarishni xohlayapman"
37 yoshli Luka Modrich Italiyaning eng mashhur klublaridan biri — "Milan"ga o‘tishining sabablarini ochiqladi. Uning ta’kidlashicha, u oson yo‘lni emas, katta raqobat mavjud bo‘lgan jamoani tanlagan.
"Men boshqa raqobat kamroq bo‘lgan ligani tanlashim mumkin edi. Lekin bu mening xarakterimga mos emas. Men har doim qiyin yo‘lni tanlayman, shu sabab "Milan"ni tanladim. Bu erda katta raqobat, yuqori talablar bor. Anchelotti menga "Milan" haqida faqat ijobiy fikrlar aytdi".
Uning aytishicha, asosiy maqsadi — yuqori darajada o‘ynashni davom ettirish va 2026 yilgi Amerikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rishdir:
"Men bu erga o‘ynash uchun keldim. Tayyorgarlik ko‘rishni boshlashim kerak. Jamoa va murabbiyning talablarini tushunish uchun vaqt kerak bo‘ladi. O‘z ustimda ishlashda davom etaman".
Evrokuboklarda ishtirok etmaslik borasida esa shunday dedi:
"Real"dan ketishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, katta maqsadli jamoani tanlashni xohladim. Achinarlisi, "Milan" Evropa maydonlarida yo‘q. Lekin bu men uchun hal qiluvchi omil bo‘lmadi. Har hafta bitta o‘yin o‘tkazish mumkin, bu esa tayyorgarlik uchun vaqtni oshiradi".
13 yil "Real"da o‘ynagan xorvatiyalik futbolchi "Milan"ning o‘tmishda qanday ulkan klub bo‘lganini va uni yana shunday darajaga qaytarish niyatida ekanini aytdi:
"Men tarixdagi eng buyuk klubda o‘ynadim. Endi esa uning eng yaqinidagi klub bilan man. "Milan" o‘tmishda "Real" qanday bo‘lsa, xuddi shunday klub edi. Mening vazifam — jamoaga bu mavsumda yordam berish va o‘zim ham maydondan zavq olish".
Modrich shuningdek, "Milan" bosh murabbiyi Massimiliano Allegri bilan uchrashuvni ham kutmoqda:
"2017 yilda Chempionlar ligasida "Yuventus"ni mag‘lub etganmiz. Bu uning xotirasida juda yoqimli bo‘lmasa kerak. Lekin men u bilan ishlashni juda ham xohlayapman. Allegri — dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri", - deya katta intervyu berib o‘tdi "qirollik klubi"ning sobiq futbolchisi.
Eslatib o‘tamiz, milanliklar A Seriyadagi ilk uchrashuvini 23 avgust kuni Kremonezega qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar