
Lutfulla To‘raev: "Guruhda birinchi o‘rinni egallashimiz kerak va bu qo‘limizdan keladi"
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoamiz JCh-2026 uchinchi saralash bosqichi doirasidagi ilk uchrashuvda KXDR termasini qabul qiladi. Barchamizning e’tiborimiz ushbu o‘yinga qaratilgan.
Mundial yo‘lidagi hal qiluvchi yurishni boshlaydigan terma jamoamiz nihoyat bu safar azaliy orzuimizni ro‘yobga chiqarishga har qachongidan tayyor, deya olamiz.
Terma jamoamizning sobiq futbolchisi Lutfulla To‘raev ham vakillarimizga omad tilagan holda bir qator savollarimizga javob qaytardi.
- Terma jamoamiz JCh-2026 yo‘lidagi eng muhim bosqichda ishtirokini boshlaydi. KXDR terma jamoasiga qarshi bahs oldidan nimalarni ayta olasiz?
- Xudo xohlasa, milliy terma jamoamiz jahon chempionatining hal qiluvchi saralashidagi yurishini boshlaydi. Yaxshi va qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Birinchi uchrashuvni o‘z yurtimizda, muxlislarimiz qarshisida boshlaymiz. Butun O‘zbekiston xalqi jamoamizni qo‘llab-quvvatlaydi va futbolchilar bilan birga bo‘ladi, xoh maydonda bo‘lsin, xoh televizor qarshisida. Jamoamizga omad tilayman.
- Ko‘pchilik KXDRni yopiq jamoa deyishadi. Ammo ularga qarshi bir necha bor o‘ynaganmiz. Sizningcha, bizga etarlicha xavf tug‘diradimi yoki...
- Nasib qilsa, albatta g‘alaba qozonamiz. Bu birinchi o‘yinimiz va futbolchilar xalqimizga xursandchilik ulashadi, degan umiddaman.
- Katanets bir necha yildan beri terma jamoamizni boshqarib kelyapti. Uning asosiy vazifasi termani mundialga olib chiqish. Uning o‘yin uslubi va ish jarayoni haqida nima deya olasiz?
- Hozirgi paytda men Kanatetsga, futbolchilarga va terma jamoadagi barcha xodimlaga faqat omad tilayman.
- Bizni guruhimiz siz kutgandekmi yoki...
- Bizni guruhimiz yaxshi va kutganimizdek. Guruhda birinchi o‘rinni egallashimiz kerak va bu qo‘limizdan keladi.
- Terma jamoamizning hozirgi tarkibini termamiz tarixidagi eng kuchlisi deyish mumkinmi?
- Tarixdagi eng zo‘rlari demasam ham hozirgi kundagi eng zo‘r futbolchilar yig‘ilgan. Men yana bir bor yigitlarga muvaffaqiyat tilab qolaman.
- Hamma bizni mundialga chiqish uchun har qachongidan juda qulay imkoniyatga egaligimizni aytishmoqda. Bu borada fikringiz qanday?
- Hamma aytganidek, Osiyoga 8,5 ta joy ajratilgan. Shu sababli ham barcha bu safar imkoniyatimiz juda yaxshi deb ta’kidlab kelishyapti. Bu to‘g‘ri. Shu bosqichda yo‘llanmani hal qilsak, ajoyib bo‘lardi. Buning uchun terma jamoamizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar