
Lyuk Kempbell: "Rayan Garsiyaga muxlislari ringda yordam bera olmaydi"
Sport olamida Rayan Garsiya kabi ijtimoiy tarmoqlardan mohirona foydalana oladiganlar kamdan-kam topilsa kerak. Rayanning Instagram sahifasida 6,6 million, Tvitterda esa 415 mingdan ortiq kuzatuvchilari bor. 21 yoshli Garsiya o‘ziga va kelajakdagi janglariga qiziqish uyg‘otish uchun ushbu kuchli platformalardan muntazam foydalanadi va ancha mashhurlikka ham erisha olgan.
WBC tomonidan engil vazn toifasidagi Lyuk Kempbell va Rayan Garsiya o‘rtasidagi jangga buyruq berilganidan so‘ng, Kempbell raqibining internet tarmoqlaridagi mashhurligiga to‘xtalib, Garsiyaning bu boradagi muvaffaqiyatlari haqida emas, aksincha uning ringda qanchalik yaxshi jang qila olishi borasida o‘ylayotganligini aytib o‘tdi.
"Uni internet sahifalarida juda ko‘p kuzatuvchilari bor. Ammo ular Garsiyaga ringda yordam bera olmaydi", - dedi Kempbell.
Lyukning promouteri Eddi Xirnning kompaniyasi "Matchroom" va Garsiyaning Oskar De La Xoyaga tegishli bo‘lgan promouterlik kompaniyasi "Golden Boy", DAZN bilan shartnomaga ega... Bu esa, jangni tashkiliy jihatlarini osonlashtirishi aniq. Lekin 2012 yilgi Olimpiya o‘yinlarining oltin medali sohibi 32 yoshli Kempbell (20-3, 16 KO) Oskar De La Xoyaning "erkatoy"i (20-0, 17 KO) ushbu jangni qabul qilishiga hali ham ishonmayotganligini yashirayotgani yo‘q.
"Garsiyaning o‘tmishdagi jangga chorlovlari orasida mening ism-sharifim ham borligini bilaman. Lekin uning aytganlari va qilayotgan ishlari umuman bir-biriga zid ko‘rinish oladi. Bu jangga tayyorman. U mashhur "nom" va juda ko‘p e’tiborni tortadi. Qolaversa, yuqori tezligi bordek ko‘rinadi. Bu haqiqatmi yoki yo‘q, tez orada barchasini ringda bilib olamiz, shunday emasmi?",- dedi Olimpiada chempioni.
Garsiya-Kempbell jangi g‘olibi, WBC chempioni Devin Xeyni (24-0, 15 KO) uchun majburiy da’vogarga aylanadi. Aslida, Garsiya va 21 yoshli Xeyni o‘rtasidagi jang ham ancha avval boshlanib ketgan, ya’ni, ular ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali bahs olib borishmoqda. Ringda esa...?
Kempbell, Rayan Garsiya va Devin Xeynining engil vazn toifasida nimaga qodirligini bilmasligini, ularning ikkisi ham kuchli raqiblar bilan to‘qnash kelmaganligi bilan izohladi. Garsiya avvalgi ikki jangida Romero Duno (22-2, 17 KO) va Fransisko Fonsekani (25-3-2, 19 KO) nokaut qilishga erishdi. Xeyni esa, 20 yoshida chempion bo‘ldi. U 2019 yil 13 sentyabr kuni texnik nokaut bilan rossiyalik Zaur Abdullaevni (11-1, 7 KO) mag‘lubiyatga uchratib, muvaqqat kamarni qo‘lga kiritgandi. Keyinchalik esa, jahon chempioni maqomiga ko‘tarila oldi. Aniqrog‘i, ukrainalik Vasiliy Lomachenko (14-1, 10 KO) 2019 yil 31 avgustda, Londonning O2 arenasidagi jangda Kempbellni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratib, 135 funtda (61kg) WBCning haqiqiy chempioniga aylandi. Keyinchalik WBC Lomachenkoga engil vaznda "Franchise"(daxlsiz) chempion maqomini berdi. Bu esa, Xeyniga jahon chempioni bo‘lish imkoniyatini taqdim etdi.
"Har qanday bokschi kuchli raqib bilan ringga chiqmaguniga qadar, uning haqiqiy imkoniyatlari bilish qiyin. Ular son jihatidan nisbatan ko‘p jang o‘tkazishgan. Lekin men allaqachon ikki jahon chempionini (Argenis Mendes va Darley Peresni) mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lganman. Garsiya hamda Xeyni, hanuzgacha hatto sobiq jahon chempionlari bilan bo‘lsa-da, to‘qnash kelmagan. Hammasini vaqt ko‘rsatadi",- deya o‘z fikrlarini bildirdi Lyuk Kempbell "Sky Sports" nashriga.
Fikrlar