
Lyupche Doriev: "Navbahor"ga qarshi o‘yin biz uchun ham, raqib uchun ham qiyin bo‘ladi"
O‘zbekiston Superligasiga doim ham kuchli va sifatli legionerlar kelavermaydi. Klublarning "otkad"ga sifatsiz legionerlar olib kelishni kanda qilmasligi, murabbiylarning skautlik qobiliyati ham yo‘qligi ba’zan pand berib qo‘yadi.
Biroq Lyupche Doriev singari yaxshi saviyali futbolchilar ham chempionatimizga qadam ranjida etib turishadi. Kuni kecha "So‘g‘diyona" klubi matbuot xizmati futbolchi bilan kichik intervyu uyushtirdi. Quyida sizga ana shu suhbatni taqdim etamiz:
- Oldin o‘ynagan chempionatingiz ya’ni Shimoliy Makedoniya va O‘zbekiston Superligasi o‘rtasidagi farq qanday?
- Makedoniya va O‘zbekiston ligasi o‘rtasida katta farq bor. O‘zbekistonda o‘ynash uchun yaxshi stadionlar va ajoyib maydonlar bor. Afsuski Makedoniyada deyarli bunday sharoit yo‘q.
- Ayni damda Superliga to‘purari bo‘lib turibsiz. Aytingchi mavsum so‘ngida ham shu o‘rinda bo‘laman deb o‘ylaysizmi?
- Kim ham to‘purar bo‘lishni xohlamaydi(kuladi). Menimcha, bu sport turi bilan shug‘ullanayotgan har bir futbolchi ushbu sovrinni qo‘lga kiritishni orzu qiladi. Biroq, men uchun kubok va Superliga kabi jamoaviy sovrinlar muhimroq.
- O‘zbekiston Superligasidagi legionerlarning saviyasi haqida nimalar deya olasiz?
- Bu erda bir qancha sifatli xorijlik futbolchilar bor. Ammo O‘zbekiston futbolchilari va xorijliklar o‘rtasida esa katta farq bo‘lmasa kerak.
- O‘zbekiston kubogi chorak final doirasidagi "Navbahor"ga qarshi tayyorgarlik qanday ketmoqda ?
- Hozirda jamoada ichki muhit juda yaxshi. Biz birinchi navbatda albatta "Navbahor"ga qarshi kubok o‘yiniga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Biz uchun ham, ular uchun ham juda og‘ir o‘yin bo‘ladi. Lekin men o‘z jamoamga ishonaman va bu o‘yinda g‘alaba qozonish uchun hamma narsani qilamiz.
- Jamoa Superliga hamda O‘zbekiston kubogida ham yaxshi natijalarga erishmoqda. Nima deb o‘ylaysiz. Bu mavsum klub chempionlikni tantana qila oladimi ?
- Hozircha biz juda yaxshi ketyapmiz. Lekin oldinda hali ko‘p o‘yinlar bor. Umid qilamanki, mavsum oxirida muxlislarimiz bilan birgalikda ko‘plab yutuqlarni nishonlaymiz. Bunga erishish uchun bor kuchimizni beramiz. Bu bizning doimgi oliy maqsadimiz - deb fikrlarini yakunlaydi Lyupche Doriev.
Fikrlar