"Mag‘lubiyat ham ko‘p narsani o‘rgatadi" - Ilyos Zeytullaev "Dinamo"dan uchralgan mag‘lubiyatni izohladi

  • 06.03.2026 21:56
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

"Bunyodkor" bosh murabbiy Ilyos Zeytullaev "Dinamo"ga qarshi mag'lubiyatdan so'ng matbuot anjumanida ishtirok etib, o'z fikrini bildirib o'tdi.

"Avvalo, “Dinamo Samarqand”ni g'alaba bilan tabriklayman. Shu bilan birga, o'z jamoamga ham rahmat aytmoqchiman. Chunki agar men bugungi o'yinni muxlis sifatida stadionda ko'rganimda, o'yindan qoniqqan holda uyga qaytardim deb o'ylayman. Shuning uchun ayta olamanki, chempionatimiz o'sib bormoqda. Ayniqsa, ikkinchi bo'lim juda qiziqarli o'tdi, lekin birinchi bo'lim ham tomoshabop bo'ldi.

Ba'zan mag'lubiyat ham ko'p narsani o'rgatadi. U ayrim muammolarni ochib beradi, ba'zan esa biz e'tibor bermaydigan jihatlarni ko'rsatib qo'yadi. Bu masalalarni albatta tahlil qilib chiqamiz.

Birinchi bo'limdagi o'yin uchun javobgarlikni o'z zimmamga olaman. Bu taktik jihatdan mening xatom bo'ldi. Jamoani raqibga qarshi noto'g'ri joylashtirgan ekanman. Biz raqib qanotlarni tez-tez almashtirishini, birga-bir vaziyatlarda kuchli ekanini bilardik. Shuning uchun tanaffusdan keyin ayrim o'zgartishlar kiritdik va ikkinchi bo'limda o'yin ancha o'zgardi.

Birinchi bo'limda jamoamiz yetarlicha agressiv va intensiv harakat qilmadi. Raqib bizdan ancha sergakroq edi. Ular pressing orqali tayanch yarim himoyachimizga bosim o'tkazdi va u ko'p holatlarda orqasi bilan o'ynashga majbur bo'ldi. Shu sababli xatolar ham ko'paydi. Biz o'yinni o'qish borasida yana o'sishimiz kerak.

Albatta, muloqot masalasi ham bor. Bu faqat o'yin orqali yaxshilanadi. Joriy mavsumda jamoamizga ko'p yangi futbolchilar kelgan, shuning uchun o'zaro tushunishni yanada mustahkamlash kerak. Ammo bu bahona emas, bu ustida ishlaymiz.

Afsuski, Shahboz o'yin oldidan mashg'ulotda orqa son mushagini torttirib oldi. Bu biz uchun katta yo'qotish, chunki u jamoa uchun juda muhim futbolchi. U juda pozitiv yigit va ishga munosabati ham menga juda yoqadi. Unda katta salohiyat bor va menimcha u hali o'z imkoniyatining yarmini ham ko'rsatgani yo'q. Uning tezroq safga qaytishini intiqilik bilan kutyapmiz.

Jamoamiz tarkibi unchalik keng emas, ko'p yosh futbolchilar bor. Shuning uchun tajribali va sifatli o'yinchilar biz uchun juda muhim. U qaytsa, jamoaga katta yordam beradi deb o'ylayman.

Azizbek Amonov haqida ham fikr bildirmoqchiman. U juda yaxshi yigit va haqiqiy professional. Bizga kelganida jamoaga yordam berishni juda istagan. Mashg'ulotlarda ham ko'p ishlagan. Keyin u boshqa jamoaga o'tdi va u yerda o'zini yaxshi tomondan ko'rsata oldi. Bu futbolda oddiy holat. Biz uning yaxshi o'yin ko'rsatishini va yana milliy jamoaga qaytishini tilaymiz.

Yaqinda boshqa murabbiylar shtabi mashg'ulotimizni kuzatish uchun keldi. Ular bilan chempionatimiz, madaniy jihatlar va ayrim muammolar haqida suhbatlashdik. Bu mening u bilan birinchi uchrashuvim edi, lekin uning shtabidagi mutaxassislar bilan aloqa bor".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!