"Manchester Siti" futbolchisiga APL va Ispaniyadan qiziqish bor

  • 27.12.2025 17:13
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Manchester Siti" iqtidori Oskar Bobb qishki transfer oynasida jamoani tark etishi mumkin. "talkSPORT" xabariga koʻra, norvegiyalik hujumchiga Angliya Premier-ligasidan "Fulxem" va "Kristal Pэlas" qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, Bobbni Angliyadan tashqaridagi klublar ham kuzatmoqda, ular orasida "Sevilya" ham bor.

Maʼlum qilinishicha, Bobbning ketishi "Manchester Siti" "Bornmut" futbolchisi Antuan Semenyoni transfer qilgan taqdirdagina mumkin boʻladi. Manbalarga koʻra, Semenyo "shaharliklar"ga oʻtishni istamoqda, uning tovon puli 60–65 million funt oraligʻida. Bu summa qishki transfer oynasining ilk oʻn kuni ichida toʻlanishi shart.

Oskar Bobb "Siti"ni ijarа asosida yoki toʻliq tark etishi mumkin. Agar u butunlay ketadigan boʻlsa, bu holat 2019 yil iyulida "Volerenga"dan kelgan futbolchining Manchesterdagi olti yillik faoliyatiga yakun yasaydi.

Oscar Bobb of Manchester City looks on during the UEFA Champions League 2025/26 League Phase MD5 match between Manchester City and Bayer 04...

22 yoshli hujumchi asosiy jamoada ilk oʻyinini 2023 yil sentyabrda oʻtkazgan. Shu vaqtgacha u "Manchester Siti" safida jami 47 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Klub va futbolchining oʻzi bu koʻrsatkich ancha yuqori boʻlishini kutgan, ammo 2024/25 mavsumi arafasida olgan ogʻir jarohati rejalarni barbod qildi.

Bobb oyoq suyagi singani sababli uzoq muddat maydondan chetda qoldi va faqat 2 aprel kuni "Lester"ga qarshi oʻyinda zahiradan tushib, maydonga qaytdi. Oʻsha bahsda "shaharliklar" 2:0 hisobida gʻalaba qozongan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!