
“Manchester Siti” Husanov bo‘yicha munosabat va muhim ma’lumot chiqardi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo saralash turniri uchinchi bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, kelasi yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Vatani oldidagi vazifani muddatidan oldin hal qilgan futbolchilarimiz guruhdagi oxirgi uchrashuvini Toshkentda Qatarga qarshi o‘tkazib, 3:0 hisobida zafar quchdi.
Terma jamoamizga o‘z o‘yinchilarini yuborgan xorij klublari o‘z legionerlarining xalqaro miqyosdagi o‘yinlariga munosabat bildirmoqda. Xususan, Abduqodir Husanovni terma jamoaga jo‘natgan “Manchester Siti” klubi o‘zining rasmiy saytida muhim va qiziqarli ma’lumotlardan e’lon qildi.
Bu ma’lumotlar orqali klub mutaxassislar nafaqat Husanovning, balki butun terma jamoamiz o‘yinini chuqur tahlil bilan kuzatib borganini anglash mumkin.
Sports.uz portali ushbu maqolani o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati saralash turnirini Qatar ustidan 3:0 hisobida qozonilgan g‘alaba bilan yakunlagan bahsda Abduqodir Husanov to‘liq o‘ynadi.
Toshkentdagi bahsda gollarni Aziz Turg‘unboev, Eldor Shomurodov va Igor Sergeev urdi. 21 yoshli himoyachi esa, orqa chiqizda ishonchli va barqaror o‘yin ko‘rsatdi.
O‘zbekiston butun uchrashuv davomida ustunlik qildi: darvozaga 18 ta zarba yo‘lladi, 446 ta aniq to‘p uzatishni amalga oshirdi, raqib esa, atigi bitta aniq zarba berdi.
Husanovning o‘zi 70 ta aniq pas berdi va bu borada faqatgina jamoadosh Husniddin Aliqulov undan ko‘proq aniq to‘p uzatdi.
Bu O‘zbekiston uchun guruhdagi o‘nta uchrashuvda qo‘lga kiritilgan oltinchi g‘alaba bo‘lib, terma jamoaning tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqishi bilan o‘zgacha ahamiyat kasb etdi.
Husanov saralash turnirining oxirgi sakkizta uchrashuvida bir daqiqani ham o‘tkazib yubormadi, terma jamoa bu o‘yinlarda atigi beshta to‘p o‘tkazdi xolos.
Markaziy himoyachi faoliyati davomida terma jamoa uchun jami 22 ta uchrashuvda ishtirok etdi, endi u futbol olamining eng muhim voqeasi – kelasi yozda AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston 2026 yilgi mundialda qatnashish uchun hozirdan joyini kafolatlagan dunyodagi o‘nta terma jamoadan biriga aylandi.
Endi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” klubining Akademiyasiga qaytib, FIFAning yangi formatdagi nufuzli turniri – klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlab yuboradi, - deb yozmoqda klub matbuot xizmati vakili Jek Manford.
Eslatib o‘tamiz, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 15 iyun kuni boshlanadi. AQSh mezbonlik qilayotgan musobaqada 32 ta jamoa guruhlarga bo‘lingan holda bosh sovrin uchun kurashni boshlaydi. Har bir guruhdan ikkitadan eng kuchli jamoa pley-offga chiqib, yurishini davom ettiradi.
“Manchester Siti” futbolchilari jahon chempionatining guruh bosqichida Italiyaning “Yuventus”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ayn” va Marokashning “Vidan” jamoalari bilan raqobatlashishi belgilangan.
Shomurodovning supergoliga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?
Pep, bizni Husanovning o‘yinini ko‘rishdan ayirma!
Fayzullaevni yo‘qotmasligimiz kerak!
Shomurodov Gasperining har qanday sinoviga tayyor!
Fikrlar