"Manchester Yunayted" ikkinchi darvozabon izlamoqda

  • 09.06.2026 17:04
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Manchester Yunayted” yozgi transfer oynasini darvozabonlar chizig‘ini qayta shakllantirishdan boshlamoqda. Klub “Lids Yunayted” posboni Karl Darlouni kutilmagan tarzda nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. U “Old Trafford”da Altay Bayindir o‘rniga ikkinchi raqamli darvozabon bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, “Vulverxempton” darvozaboni Sem Jonston ham manchesterliklar diqqat markazida turibdi.

35 yoshli Darlou mahalliy tarbiya topgan futbolchi sifatida ro‘yxatga olinishi klub uchun qo‘shimcha plus hisoblanadi. Premyer-ligada mahalliy futbolchilar limiti muhim omil bo‘lganligi uchun, tajribali darvozabonning aynan shu maqomga ega ekani “Yunayted” rahbariyati tomonidan ijobiy baholanmoqda. Shu bilan birga, Darlouga “Tottenxem Xotspur” ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Sem Jonston ham mahalliy tarbiya topgan darvozabon sifatida qayd etilmoqda. U o‘z vaqtida aynan “Manchester Yunayted” akademiyasida tarbiya topgan va hozirgi short-listdagi asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.

O‘tgan mavsum Jonston tushib ketgan “Vulverxempton Uonderers” jamoasida zahira darvozaboni sifatida xizmat qildi. Biroq elkaidan olgan jarohati sabab mavsumning oxirgi qismida maydonga tusha olmadi.

“Manchester Yunayted” rahbariyati bir vaqtning o‘zida Altay Bayindir va Andre Onadaning kelajagini ham ko‘rib chiqmoqda. Har ikki darvozabon ham hozircha klubning uzoq muddatli rejalarida asosiy figura sifatida ko‘rilmayapti va ular bilan xayrlashish ehtimoli katta.

Shu orada, o‘tgan yozda 18 million funt evaziga kelgan Senne Lammens jamoaning birinchi raqamli darvozaboniga aylanib ulgurdi. U 2025 yil oktabrida debut qilganidan so‘ng “Old Trafford”da asosiy posbon sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladı.

Klub shuningdek yosh darvozabon Radek Vitekni ham saqlab qolish tarafdori. Chexiyalik posbon o‘tgan mavsumni “Bristol Siti”da ijara asosida o‘tkazib, o‘yini bilan yaxshi taassurot qoldirgan. Ammo u doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda, bu esa uning kelajagi borasida savollar tug‘dirmoqda.

Tajribali Tom Xiton esa yaqinda “Manchester Yunayted” bilan yangi shartnoma imzolab, klubda uchinchi raqamli darvozabon sifatida qoladigan bo‘ldi.

Shunga qaramay, Karl Darlou yoki Sem Jonston kabi zahira darvozabonni olish hozircha “Yunayted” uchun eng ustuvor vazifa emas. Klubning asosiy e’tibori Chempionlar Ligasiga qaytish arafasida chap qanot himoyasi va yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishga qaratilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!