"Manchester Yunayted" PSJ yulduziga taklif tayyorlamoqda
«Manchester Yunayted» PSJ yarim himoyachisi Uorren Zair-Emeriga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Top Mercato xabariga ko‘ra, ingliz klubi 60 million yevro atrofida taklif tayyorlamoqda. Bu orqali mankunianliklar parijliklar muzokaraga qay darajada tayyor ekanini sinab ko‘rmoqchi.
20 yoshli fransuz futbolchisi «qizil iblislar» uchun yarim himoyani kuchaytirish yo‘lida ustuvor nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Manba ma’lumoticha, PSJ rahbariyati o‘zining eng istiqbolli o‘yinchilaridan biri bilan hozircha xayrlashish niyatida emas.
O‘tgan mavsumda Zair-Emeri barcha musobaqalar doirasida 54 o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Uning PSJ bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan bo‘lib, yana bir mavsumga uzaytirish imkonini ham o‘z ichiga oladi.

Fikrlar