Manchesterliklar "Real" hujumchisi uchun 70 million yevro beradi
«Manchester Yunayted» qishki transfer oynasi uchun asosiy maqsad sifatida madridlik «Real» hujumchisi Endrikni belgiladi, deb xabar bermoqda Fichajes nashri o‘z manbasiga tayanib.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, ingliz klubi 20 yoshli braziliyalik futbolchi uchun 60–70 million yevro atrofida taklif berishga tayyor. Endrikni jamoaga olib kelish tashabbusi shaxsan «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrikdan kelgan. U yosh hujumchini ham markaziy forvard, ham o‘ng qanotda qo‘llashni rejalashtirmoqda.
«Manchester Yunayted» rahbariyati Endrikni Benyamin Sheshko bilan birga hujum chizig‘idagi rotatsiyaning muhim qismiga aylantirishni ko‘zlamoqda. Braziliyalik futbolchini sotib olishdan oldin klub tarkib va maosh fondida joy ochish maqsadida Joshuа Zirkzeni sotishni rejalashtirgan.
Hozirgi paytda «Real»dagi hujumchilar ierarxiyasida Endrik Kilian Mbappe va Karlos Espidan so‘ng uchinchi tanlov sifatida ko‘rilmoqda. Madrid klubiga qo‘shilganidan beri u 40 rasmiy o‘yinda 7 ta gol urgan. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini forvard «Lyon» safida ijarа asosida o‘tkazdi va 21 uchrashuvda 8 ta gol hamda 8 ta golli uzatma bilan ajralib turdi.
Endrikning «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil iyunigacha mo‘ljallangan. Madrid klubi moliyaviy talablar qondirilsa, futbolchini to‘liq sotish variantlarini ko‘rib chiqishga tayyor. Klublar o‘rtasidagi ilk rasmiy muzokaralar noyabr oyida boshlanishi kutilmoqda.

Fikrlar