
Mayk Tayson hamda Fyodor Emelyanenkoning debyut janglari qanday bo‘lgandi?
Karantin holatida o‘quvchilarimizga yanada qiziqarli loyihalarni taqdim etish istagida “Debyut” ruknini tashkil qildik. Bunda zamonamizning eng yaxshi professional bokschilari va MMA ustalarining ilk janglarini e’tiboringizga havola etib boramiz. Ilk “qahramonlarimiz” esa, boks hamda MMA olamining “tirik afsona”lari Mayk Tayson hamda Fyodor Emelyanenko bo‘ladi.
Professional boksni Mayk Taysonsiz tasavvur qilish qiyin. Garchi, u faoliyatidagi eng muhim janglarda Lennoks Lyuis va Evander Xolifilddan mag‘lub bo‘lgan bo‘lsada, baribir muxlislar uni boks tarixida Muhammad Alidan keyingi shaxs sifatida bilishadi va ardoqlashadi.
Kas D’Amato topilmasi professional boksdagi yurishini qanday boshlagan edi? “Temir Mayk” 1985 yil 6 mart kuni Puerto Riko vakili Ektor Mersedesga qarshi debyut jangini o‘tkazadi va uni birinchi raundning o‘zidayoq texnik nokautga uchratadi. Shu tarzda Mayk keyinchalik shuhrat qozongan professional boks olamiga qadam qo‘yadi.
MMA olamining ham mubolag‘a bo‘lmasa, o‘z Taysoni bor... Uni “So‘ngi Imperator” deb ham atashadi. Ha, siz yanglishmadingiz, bu rossiyalik Fyodor Emelyanenkodir. “Debyut” ruknining ilk sonida bu ikki sportchiga bejiz to‘xtalmadik. Chunki, bular har qanday holatda ham muxlislar nazaridan chetda qolmagan. Ya’ni faoliyatidagi mag‘lubiyatlar, ko‘ngilsiz hodisalar, xurmacha qiliqlar( bu Taysonga taalluqli) ham ularga bo‘lgan hurmatni so‘ndirmaydi...
Fyodor MMA dagi debyutini 2000 yil 21 mayda nishonlaydi. O‘sha vaqt Yaponiyaning “Ring» promousheni bilan shartnoma tuzgan rossiyalik jangchi, erkin kurash bo‘yicha Bolgariya chempioni Martin Lazarov bilan to‘qnash keladi. Mazkur qarama-qarshilikda keyinchalik MMA olamida o‘ziga xos tarix yarata olgan Emelyanenko birinchi raundda og‘riqli usulni qo‘llagan holda g‘alaba qozonadi.
Fikrlar