Men ham “Real”da o‘ynashni istayman!
Londonning “Chelsi” klubi yarim himoyachisi Enzo Fernandez Madriddning “Real” jamoasiga o‘tishga qiziqyapti. Bu haqida taniqli jurnalist Ben Jeykobs ma'lum qildi.
Manbaga ko‘ra, argentinalik yarim himoyachi “Chelsi”ni tark etib, yaqinda sobiq jamoadoshi Mark Kukurelya ham shartnoma imzolagan “Real” safiga qo‘shilish istagini ochiqcha bildirdi.
Shu bilan birga, “Chelsi” rahbariyati vaziyatga xotirjam munosabatda bo‘lib, munosib taklif tushsa futbolchini sotish variantini ko‘rib chiqishga tayyor. London klubi 25 yoshli futbolchini 120 million funt sterling (taxminan 139 million yevro) miqdoridagi summaga qo‘yib yuboradi.
Xabar qilinishicha, hozirda “Real” yozgi transferlar oynasida qaysi yarim himoyachini xarid qilish bo‘yicha qaror qabul qilmoqda. Enzo Fernandezdan tashqari, madridliklar Mateush Fernandes va Rodri nomzodlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Enzo Fernandez 2023 yil yanvar oyida “Benfika”dan “Chelsi”ga o‘tgan edi. U Argentina terma jamoasi safida 2022 yildagi jahon chempioni va Amerika kubogi g‘olibi hisoblanadi.

Fikrlar