
Menni Pakyaoga sparring sherik bo‘lgan yoxud Amir Xonni nokdaunga uchratgan o‘zbekistonlik bokschini bilasizmi?
Menni Pakyao va kelib chiqishi pokistonlik bo‘lgan, britaniyalik bokschi Amir Xonni barcha boks ixlosmandlari yaxshi bilishadi. Shuning uchun, ularga ortiqcha ta’rif berish fikridan yiroqman. Bugun, aksincha ularning g‘alabalari zamirida o‘zbek o‘g‘lonining ham hissasi borligi haqida so‘z yuritish niyatidaman. Xorazm boksi tarbiyalanuvchisi Alisher Rahimov haqida eshitganingiz aniq. Chunki, ushbu charmqo‘lqop ustasi o‘z vaqtida yurtimizning ko‘zga ko‘ringan, umidli bokschilaridan edi. Faoliyatida ajoyib g‘alabalarni ham qo‘lga kirita olgan. Bir necha yillar avval faoliyatini yakunlagan mazkur hamyurtimiz ayni vaqtda Nepal mamlakatining boks bo‘yicha bosh jamoasiga ustozlik qilmoqda.
Biz ushbu yurtdoshimiz bilan bog‘lanib, uning faoliyatiga oid savollar bilan murojaat qildik.
- Assalomu alaykum. Va nihoyat vaqt ajrata oldingiz... Ish ko‘p shekilli?
- Vo alaykum assalom. Xabaringiz bor, Nepal mamlakatida murabbiylik faoliyati bilan mashg‘ulman. Ayni vaqtda janubiy Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Shuning uchun, bosh qashishga ham vaqt topish qiyin bo‘lyapti.
- Demak shogirdlaringiz ushbu turnirda ishtirok etishmoqda?
- Albatta.
- O‘zbek murabbiyining shogirdlari yomon natija ko‘rsatmayotgandir?
- Yaratganga shukr! Har holda imkoniyat darajasida harakat qilishmoqda.
- Aniqlik kiritsak?
- Bugun, ikkita shogirdim oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ertaga, besh nafari yana final janglarida ringga ko‘tariladi.
- Ushbu turnir asosan Hindiston atrofidagi mamlakatlar o‘rtasida bo‘lishini inobatga olsak, asossiy favorit hamda shogirdlaringiz uchun jiddiy raqib ushbu yurt bokschilari bo‘lsa kerak?
- Xuddi shunday. Hindiston boksi qanday rivojlanayotganligini barcha guvoh bo‘lmoqda. Ularning ikkinchi, uchinchi tarkibidan o‘rin olganlari ham juda kuchli.
- Keling endi, bokschilik davringizga qaytamiz... Filippinlik Menni Pakyaoga sparring sherik bo‘lgan ekansiz?
- Ha, Pakyao bilan uch yil mobaynida birga ishlaganmiz.
- Ushbu yillar orasida qaysi janglarini o‘tkazgan edi?
- Antonio Margarita, Oskar de la Xoyya, Rikki Xatton, Migel Gotto, Joshua Klottilarga qarshi ringga ko‘tarilib, ularni mag‘lubiyatga uchratgan.
- Tom ma’nodagi yulduzli onlari ekan. Demak, u bilan sparring janglar siz uchun juda qiyin bo‘lgan bo‘lsa kerak?
- Darhaqiqat uning jismoniy holati ajoyib ko‘rinish olgandi. Oson ishni o‘zi bo‘lmaydi. Lekin unga munosib qarshilik ko‘rsata olgan ekanman shekilli mashhur Freddi Rouch va Pakyao mening harakatlarimdan qoniqish xosil qilishar edi.
- Umuman olganda, filippinlik tirik afsona bilan tanishish va sparring sheriklikka sizni tanlashi qanday yuz bergan?
- Men avval Amir Xonga ham janglaridan avval mashg‘ulotlarda yordam berganman. Uni nokdaunga uchratganimni murabbiy Freddi Rouch ko‘rib qolib, Pakyao bilan ishlashni taklif qilgan.
Nahotki?! Bu shaxsan men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Ajablanishim, u bilan ham ishlaganiz uchun. Nokdaun masalasida esa, shuni aytishim mumkinki, o‘sha vaqtlar buni sizdan kutish mumkin edi...
- Raxmat. Ha, u bilan ham bevosita tayyorgarlik jarayonlarida birga ishlaganmiz. Sparring sheriklikka AQShda pul to‘lashadi. Mashg‘ulotlar jarayonida esa yordam berayotgan raqibingizni nokdaun yoki nokautga uchratsangiz, umuman olganda yaxshi harakatlar uchun qo‘shimcha bonus to‘lanardi. O‘ziga xos motivatsiya desak to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, Amir Xon bilan bo‘lgan janglardan birida uni nokdaunga uchratganman. O‘shanda Freddi Rouchni nazariga tushib qolgandim.
- AQShga borib qolishingiz, va Amir Xon bilan uchrashish tarixi qanday bo‘lgan?
- Biz rossiyalik promouter German Titov bilan hamkorlik qilardik. O‘shanda German meni, Dmitriy Pirog va Ruslan Provodnikovni ko‘rik uchun okean ortiga olib borgan. U vaqtda mashhur bokschilarning barchasi hozir biroz yodimdan ko‘tarilibdi professional boks olamidagi ko‘zga ko‘ringan klubda mashg‘ulotlar olib borardi. Biz ham o‘sha erga borganmiz va Amir Xon bilan shu tarzda tanishgan edik.
- Siz sparring sheriklik davringizda Amir Xon kimlarga qarshi jang o‘tkazgan edi?
- Mark Antonio Barreraga qarshi ringga ko‘tarilib, uni mag‘lubiyatga uchrata olgandi.
- Amir Xon anchadan buyon Menni Pakyao bilan jang qilish istagida ekanligini aytadi. Sizningcha, mazkur qarama-qarshilik amalga oshsa, jang g‘olibi kim bo‘ladi?
- Shubhasiz, Pakyao. U Amir Xondan anchagina kuchli bokschi.
Afsuski, shu erga kelganda zarur ish yuzasidan "qahramon"imizni chaqirib qolishgani tufayli, suhbatimiz o‘z yakuniga etdi. Lekin tez kunlarda to‘liq va batafsil intervyu berishga va’a berdi.
Ma’lumot uchun: Alisher Rahimov professional boksda 28 bor jang o‘tkazgan, ularning 25 tasida g‘alaba qozonadi. Uch bora esa mag‘lubiyatga uchragan.
Fikrlar