
Messi bilan uchrashuv bo‘lmaydi: Neymar terma jamoa tarkibidan chiqarildi
“Al-Hilol” bilan shartnomasini bekor qilgan Neymar o‘z yurtiga qaytib, “Santos” klubidan qo‘nim topgan edi. Bu jamoa safida o‘yinini tiklab borayotgan 33 yulduz yaqinda Braziliya terma jamoasidan taklif oldi.
Braziliyaliklar mart oyidagi FIFA kunlarida 2026 yilgi jahon chempionatining ikki saralash uchrashuvini o‘tkazadi. Xususan, ular 21 mart kuni Kolumbiya, besh kundan keyin Argentina bilan to‘qnash keladi.
Ko‘pchilik bir yarim yillik tanaffusdan keyin terma jamoaga qaytgan Neymarning maydonda Lionel Messiga qarshi o‘ynashini kutgan edi. Biroq so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Dorival Junior tibbiyot xodimlari tavsiyasiga ko‘ra, Neymarni tarkibdan chiqargan.
Taniqli insayder Fabritsio Romano terma jamoa o‘yinlarida “Flamengo” futbolchisi Danilo va “Manchester Siti” darvozaboni Ederson ham qatnashmasligini ma’lum qildi.
Tarkibdan chetda qolgan uch nafar yulduz o‘rnini “Lion” darvozaboni Lukas Perri, “Real” hujumchisi Endrik va “Flamengo” himoyachisi Aleks Sandro egallaydi.
Fikrlar