
"Metallurg" yozgi selektsiyada kimlarni transfer qilganini bilasizmi? Ularning orasida...
Bekobodning “Metallurg” klubi ikkinchi davra oldidan tarkibini bir qator futbolchilar bilan kuchaytirishga erishdi. Quyida shu xususida batafsil to‘xtalamiz.
2024 yilgi mavsum davralari oralig‘ida Bekobodning "Metallurg" jamoasi o‘z tarkibini markaziy himoyachi bilan to‘ldirdi. Klub Ukraina va Moldova fuqaroligiga ega Oleksandr Kucherenko bilan shartnoma imzoladi.
Oleksandrning oxirgi jamoasi bizga yaxshi tanish bo‘lgan “Veres" (Rovno) klubidir. 32 yoshli Kucherenko “Metallurg”ga kelguniga qadar 9 ta jamoada o‘ynadi. Futbolchilik faoliyatini Ukrainaning “Slavxleb” havaskorlar jamoasida boshlagan Oleksandr 2011 yili Kramatorskning “Avangand” jamoasiga o‘tadi. Yil oxirida esa Moldovaning “Nistru” (Otach) jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Moldova fuqaroligini qabul qilgach, mamlakat U19 jamoasiga chaqirildi. 2013-2014 yillarda “Kostuleni”, 2014-2015 yilgi mavsumda esa “Veris” jamoasida o‘ynagach, yana Ukrainaga qaytdi. 2015-2017 yillar “Zvezda”, 2017-2021 yillar “Ingulets”da to‘p surdi. Bir mavsum “Volin”da o‘ynagach, yana “Ingulets”ga borib qo‘shildi. 2023 yildan to shu kunga qadar esa “Veres” klubi sharafini himoya etib keldi. Professional futbolchilik faoliyati davrida 272 ta uchrashuvda maydonga tushgan, 16 ta gol urgan, shulardan 7 tasini penaltidan kiritgan. 40 marta ogohlantirilgan, 2 marta maydondan chetlatilgan.
Oleksandr Kucherenko – 32 yoshda, 1991 yilning 1 oktyabr sanasida tug‘ilgan.
Tug‘ilgan joyi – Ukraina, Slavyansk
Bo‘yi – 185 sm
Vazni – 75 kg
Ampluasi – himoyachi
Ikkinchi davra arafasida "Metallurg" PFK o‘z tarkibiga “Paxtakor” futbol klubining yana bir tarbiyalanuvchisi – himoyachi Abubakir Ashurovni qo‘shib oldi.
Abubakir Ashurov umidli yosh o‘yinchilardan sanaladi. O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga muntazam jalb etib kelinmoqda. 2022 yilgi mavsumdan e’tiboran “Paxtakor”ning asosiy tarkib o‘yinchilari bilan shug‘ullanib kelyapti. Ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun o‘tgan mavsumning ikkinchi davrasini ijara asosida “Turon” jamoasida o‘tkazdi va 11 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Abubakir Ashurov 2023 yilgi Osiyo U-20 chempionatida qit’a chempioni bo‘ldi, jahon chempionatida ishtirok etdi. “Paxtakor” yoshlar tarkibida O‘zbekiston chempionatlari sovrindori bo‘lgan. Zarurat bo‘lganda tayanch yarim himoya chizig‘ida ham o‘ynay oladi.
“Metallurg” mazkur futbolchi bilan ijara asosida mavsum oxiriga qadar shartnoma imzoladi.
Abubakir Ashurov – 21 yoshda, 2003 yilning 12 iyun sanasida tug‘ilgan.
Tug‘ilgan joyi – Toshkent shahri
Bo‘yi – 196 sm
Vazni – 80 kg
Ampluasi – hujumchi
Yozgi transfer oynasida "Metallurg"ning eng esda qolarli bitimlaridan biri universal yarim himoyachi Asadbek Sobirjonov bilan shartnoma imzolashi bo‘ldi. “Navbahor” bilan o‘zaro kelishuvga binoan shartnomani to‘xtatgan Sobirjonov bekobodliklar tarkibiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi.
Asadbek professional futbolchilik faoliyatini 2019 yilda 19 yoshida “Buxoro” jamoasida boshladi. Keyinchalik bittadan mavsum “Paxtakor” va “Qo‘qon 1912” jamoalarida o‘ynadi. 2022 yildan esa “Navbahor” safida faoliyat yuritib keldi. Superliga bahslarida 110 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol kiritdi. 13 marta ogohlantirildi. O‘zbekiston chempioni va vitse chempioniga aylandi. Qit’amizning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasi OFK chempionlari ligasida 11 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Asadbek Sobirjonov – 24 yoshda, 2000 yilning 3 avgust sanasida tug‘ilgan.
Tug‘ilgan joyi – Sirdaryo viloyati, Guliston shahri
Bo‘yi – 175 sm
Vazni – 70 kg
Ampluasi – yarim himoyachi
Shuningdek, bekobodliklar safida futbol ishqibozlariga tanilgan Odilbek Abdumajidov ikki yillik tanaffusdan keyin qadrdon jamoasiga qaytdi.
Professional faoliyatini aynan "Metallurg"da boshlagan Odilbek Abdumajidov 2022 yilda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining “Ordabasi” jamoasiga o‘tgandi. O‘tgan mavsum esa oldiga katta maqsad va vazifalarni qo‘ygan “Olimpik” jamoasiga chaqirib oldindi. Superliganing bu yilgi birinchi davrasini esa Samarqandning “Dinamo” jamoasida o‘tkazdi.
Mamlakat chempionati bahslarida Odilbek 55 ta uchrashuvda maydonga tushgan. 1 ta gol kiritgan. 12 marta ogohlantirilgan. “Ordabasi” safida esa 23 ta o‘yinda 2 ta gol urdi va 5 marta sariq kartochka bilan jazolandi. Qozog‘iston vitse chempioni bo‘ldi, mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga muntazam ravishda jalb etib kelindi.
Odilbek Abdumajidov – 23 yoshda, 2001 yilning 1 iyun sanasida tug‘ilgan.
Tug‘ilgan joyi – Andijon viloyati
Bo‘yi – 185 sm
Vazni – 75 kg
Ampluasi – himoyachi
Bekobodliklar ikkinchi davra arafasida tarkibini xorijlik hujumchi Balsa Sekulich bilan boyitdi. UEFA chempionlar ligasi, Evropa ligasi hamda Konfederatsiyalar kubogi bahslarida maydonga chiqqan, xalqaro uchrashuvlarda ham raqiblar darvozasini nishonga olgan hujumchi “Metallurg”ning hujum chizig‘iga kuchaytiradi.
Professional faoliyatini 2016 yili “Tsetine” jamoasida boshlagan Balsa tez orada kuchli klublar e’tiboriga tushdi. Tug‘ilib o‘sgan shahri Podgoritsaning “Buduchnost” jamoasida ikki yil to‘p surdi. So‘ngra “Titograd”, “Podgoritsa”, “Iskra” (Danilovgrad), “Kanvondo” jamoalarida o‘ynadi. 2023 yildan yana "Buduchnost"ga qaytdi. Mamlakat yoshlar terma jamoasiga, 2022 yili esa milliy terma jamoaga jalb etildi.
Balsa Sekulich xorijda legioner sifatida Key ligada yarim mavsum to‘p surdi. 2022 yili “Gangvon” klubida 18 ta o‘yinda maydonga chiqib, 2 ta gol kiritdi.
Balsa Sekulich – 26 yoshda, 1998 yilning 10 iyun sanasida tug‘ilgan.
Tug‘ilgan joyi – Podgorets
Bo‘yi – 188 sm
Vazni – 75 kg
Ampluasi – hujumchi
Umuman olganda, "Metallurg" klubi yozgi selektsiyada o‘z safiga 11 nafar futbolchilarni qo‘shib oldi. Bular - Oleksandr Kucherenko, Odil Abdumajidov, Asadbek Sobirjonov, Abbos Ergashboev, Kamron Hamroev, Azizbek Pirmuhammadov, Balsa Sekulich, Abubakr Ashurov, Kamron Omonov, Shahboz Abduvaliev va Davron Hoshimov.
Fikrlar