
Mirjalol Qosimov alamli mag‘lubiyatga izoh berdi
Superliganing 13-turida OKMK safarda "Navbahor" bilan kuch sinashib, 3:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Mazkur to‘qnashuvdan so‘ng olmaliqliklar mutaxassisi yirik hisobdagi mag‘lubiyat haqida batafsil gapirdi.
"Bugun yomon harakat qilmadik. Mazkur o‘yinni o‘ziga yarasha mayda detallar hal qildi. Ilk daqiqlardagi 2 ta gol ko‘p narsani o‘zgartirdi. Shu bilan birga, yaxshi himoyalanishdi ham. Xuddi shu holat "Neftchi"ga qarshi uchrashuvda ham bo‘lgan edi.
Bundan tashqari, 60-daqiqalarda Datsida imkoniyat bo‘ldi. Agar gol bo‘lganda boshqacharoq bo‘lishi mumkin edi.
"Navbahor"ga esa omad tilab qolamiz, keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz. Shuni ta’kidlash joiz, FIFA kunlari bizga salbiy ta’sir o‘tkazdi.
Sardor Rahmonovni tark etishi nima bilan bog‘liq?
"Hech qanday sabab yo‘q. Ortiqcha hech qanday muammo ham yo‘q edi".
Bu mavsum jamoa ko‘proq kambek amalga oshirdi. Bu gal klubga nima etishmadi?
"Faqatgina gol deyishim mumkin. Agarda Datsi urganda boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ko‘rdingiz, o‘sha vaziyatdan so‘ng futbolchilar yanada temp qo‘shdi va Ali gol ham urdi".
O‘tgan o‘yin natijasi bugungi o‘yinga ta’sir o‘tkazdimi?
"Deyarli yo‘q. Sababi, biz har bir uchrashuvdan so‘ng qanday natija bo‘lishidan qat’iy nazar tezkorlik bilan kelasi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlab, o‘tgan o‘yinni unutamiz".
O‘yindan avval Jiyanov va Odilovni zararsizlantirish uchun sxema tuzilgan edimi?
"Biz bellashuvdan avval raqib jamoaning barcha o‘yinni ko‘rib chiqdik. Hattoki, ikki vinger ba’zi uchrashuvlarda hech qanday imkoniyatlar yarata olishmagan edi. Shu sabab, bilib bo‘lmaydi, ularning o‘yini qachon ochilib ketadi yoki umuman chiqmaydi".
Jamoaga realizatsiya etishmayaptimi?
"Albatta, futbolchilarimiz ba’zi bir vaziyatlarda oshirib yuborishdi. Zarba beradigan vaziyatda pas berishmoqda. Biz buning ustida ish olib boramiz".
Jamoa so‘nggi turda ofsayd chizig‘ini ushlashda qiynalmoqda. Bu ustida ishlanmoqdami?
"Oldindan ham ta’kidlab kelaman jamoa oldinga chiqqanda himoya chizig‘ida bo‘shliq paydo bo‘ladi. "Ko‘rpani bir tarafini tortsang, ikkinchi tarafi ochilib qoladi-ku axir". Qaysidir klub bundan foydalanmoqda, qaysidir klublar esa foydalana olishmayapti, "Nasaf" bilan o‘yindagi 2-golda ham shunday xatoga yo‘l qo‘ygan edik. Bir futbolchimiz darvozabon bilan talashib, qolib qo‘pol xatoga qo‘l urgan edi" - deya mutaxassis o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Fikrlar