
Mirjalol Qosimov: "Benzemaga alohida bir futbolchini biriktirib qo‘yish niyatimiz yo‘q"
Ertaga Osiyo chempionlar ligasi 5-turidan o‘rin olgan OKMK - "Al-Ittihod" uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bellashuv 21:00 da boshlanadi.
Ushbu bahs oldidan olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Assalomu alaykum! Ertaga biz uchun, Olmaliq shahri uchun tarixiy kun. Juda katta jamoaga qarshi maydonga chiqamiz va bu bizga motivatsiya beradi. Hozir bizda bosim yo‘q. Sababi, 4 ta o‘yinda ochko ishlay olmadik va guruhdan chiqish masalasini qo‘ldan boy berdik.
Ertaga bizni qiziqarli uchrashuv kutmoqda va bunda yana bir bor o‘z kuchimizni sinab olishga imkonimiz bo‘ladi.
Jarohatlar hamon bizni qiynamoqda. Ruben Sanches, Shohrux Gadoev tiklanishga ulgurmadi. Akrom Komilov qizil kartochka sabab o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Xudo xohlasa, ertangi bahsda muxlislar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi, deb umid qilaman.
Taqvim juda ham zich. Chempionat, O‘zbekiston kubogi va undan tashqari OChL ham biz uchun og‘irlik qildi. Jarohatlar ham yaxshigina salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Mehnatimiz orqali katta yulduzlarni yurtimizga kelishiga sababchi bo‘ldik. Ertaga shu yulduzlarni mag‘lub etishga ham harakat qilamiz.
Benzemaga alohida bir futbolchini biriktirib qo‘yish niyatimiz yo‘q. U yuqori darajadagi o‘yinchi, ammo biz Benzemaga emas, "Al-Ittihod"ga qarshi maydonga tushamiz", - dedi mutaxassis.
Fikrlar