
Mirzahakim To‘xtamirzaev, Ravshan Komilov va boshqa mehmonlar tashrif buyurgan "Navbahor" klubining taqdimot marosimi (Foto)
Namangandagi “Markaziy” o‘yingohida “Navbahor” futbol jamoasining mavsumoldi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Abdurazzaqov o‘yinchilar va muxlislarni yangi mavsum boshlanayotgani bilan tabrikladi.
— Pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay sevimli jamoamizni qo‘llab-quvvatlashni kanda qilmadik. Futbolchilar Turkiyada mashg‘ulotlar o‘tadi, klub uchun yangi avtobus xarid qilindi. Endi asosiy masala muxlislar kutayotgan natijani qo‘lga kiritishda qoldi. Bunda birinchi galda mahalliy yoshlarga tayanamiz, futbol akademiyasiga e’tibor qaratamiz. “Navbahor” chempionlik marrasiga ko‘z tikadigan payt keldi, — dedi viloyat rahbari.
Tadbirda klub rahbariyatida o‘zgarish bo‘lgani e’lon qilindi. Shu paytgacha klub vitse-prezidenti vazifasida ishlab kelgan Otabek Samatov “Navbahor” prezidenti sifatida ish boshladi. Oldinlari bu lavozimni an’anaga ko‘ra Namangan shahri hokimi egallab kelardi.
Shundan so‘ng klubning yangi formalari namoyish etildi. “Navbahor” bu yil maydonga qizil, ko‘k va oq liboslarda tushadi. Ularda klub ramzidan tashqari Namangan manzaralari ham aks ettirilgan.
Taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzaev yig‘ilganlarga “Navbahor” jamoasi a’zolari va murabbiylarini tanishtirdi. Ular orasida klubga yangi kelib qo‘shilgan o‘yinchilar ham bor.
Jumladan, serbiyalik legionerlar himoyachi Nikola Tasich, yarim himoyachi Marko Putinchanin va hujumchi Slavisha Stoyanovich, darvozabon Rahimjon Davronov (“Mash’al”), himoyachilar Farhod Mirahmedov va Xushnudbek Avilov (ikkisi ham “Andijon”dan), yarim himoyachilar Bahrom Abdurahimov (AGMK) va Quvondiq Ro‘ziev (“Qo‘qon-1912”) joriy mavsumda lochinlar safida to‘p tepadigan bo‘ldi.
Tadbirda bosh murabbiy No‘’mon Hasanov, jamoa sardori Azim Ahmedov so‘zga chiqib, rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlashga, ularni chiroyli o‘yinlari va yuqori natijalari bilan mamnun qilish uchun astoydil harakat qilishga va’da berdi.
Taqdimot marosimi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov, so‘z ustasi Iskandar Hamroqulov va “Samo” guruhi ishtirokidagi kontsert dasturi bilan davom etdi.
Fikrlar