
Missiya bajarildi! "Barsa" rahbariyati Arauxoni fikridan qaytardi
Xabaringiz bor, "Barselona"ning muhim futbolchilaridan biri hisoblangan Ronald Arauxo ushbu qishda "Yuventus"ga ko‘chib o‘tishni maqsad qilgandi, lekin bu transfer bo‘yicha keskin burilish sodir bo‘ldi, ya’ni himoyachi o‘z fikrini o‘zgartirdi. "Relevo" nashri xabar berishicha, kecha Deku va Arauxo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan va portugaliyalik mutaxassis uni qolishga ko‘ndirgan. Urugvay nafaqat, jamoani tark etmaydi, balki endilikda yangi shartnoma borasida ham muzokaralar bo‘lishi kutilmoqda.
2024 yil yozida jarohat olib, yaqindagina safga qaytgan Ronald tarkibda Pau Kubarsi va Inigo Martines tandemi shakllanganidan keyin kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi mumkinligini sezdi. Garchi, u sog‘ bo‘lsa ham, Flik ikki ispaniyalik himoyachini asosiy tarkibga qo‘yganidan keyin Ronald ketishni istab qoldi va "Yuventus" varianti chiqdi. Hattoki, turinliklar bosh murabbiyi Tiago Motta ham futbolchi bilan ko‘rishishni rejalashtirayotgandi.
Deku Mottadan oldin himoyachi bilan ko‘rishib oldi. Arauxoning shartnomasi 2026 yilgacha amal qiladi. Bu esa "Barsa"ga bosim o‘tkazish uchun juda yaxshi omildir, chunki klub uni hozir yoki qishda qo‘yib yubormasa, kelasi yil erkin agent sifatida boshqa klubga borib qo‘shilishi mumkin bo‘ladi. Kataloniyaliklar esa bunday futbolchisini tekinga qo‘yib yuborishni istamaydi.
Inigo "el-klasiko"da jarohat olgandi. Aynan uning o‘rniga Arauxo maydonga tushib, o‘yinni davom ettirib qo‘ydi. Martines keyingi haftalarda maydonga tusha olmaydi. Bu esa Ronald uchun ko‘proq o‘ynash imkonini beradi va u Flikning ishonchiga kirib olishi mumkin. Ispaniyalik himoyachi safga qaytganidan keyin esa boshlang‘ich tarkib uchun jang ketadi.
Fikrlar