
Mourino Portugaliyani boshqarishga rozi bo‘ldi, faqat bitta sharti bor
Portugaliya terma jamoasi jahon chempionati yarim finaliga chiqa olmaganidan keyin yangi bosh murabbiy tayinlash dolzarb masalaga aylandi.
Hozirgi murabbiy Fernandu Santushning amaldagi shartnomasi 2024 yilgacha tuzilgan. Biroq, ekspertlar bu mutaxassis tez orada iste’foga chiqarilishini ta’kidlashmoqda.
Portugaliya futbol federatsiyasi terma jamoaga “Roma”ni boshqarayotgan Joze Mourinoni tayinlash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Voetbal International nashrining ma’lum qilishicha, Joze Mourino o‘z yurti termasida ishlashga qarshi emas, lekin federatsiya oldiga shart qo‘ymoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, 59 yoshli mutaxassis Portugaliya terma jamoasini qabul qilib olish barobarida “Roma”dagi ishini davom ettirmoqchi. Uning rimliklar bilan shartnomasi yakunlanishiga yana bir yarim yil bor.
Portugaliya futbol federatsiyasi hali Mourino talabiga munosabat bildirgani yo‘q.
Fikrlar