Mourin'yo “Real”dan “Siti” markaziy himoyachisini olib kelishni talab qildi
Madridning “Real” klubi “Manchester Siti” hamda Xorvatiya milliy terma jamoasi himoyachisi Yoshko Gvardiol transferiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ispaniyalik jurnalist Alberto Pereyroning xabar berishicha, tez orada “Real”ni boshqarishi kutilayotgan Joze Mourinyo 24 yoshli futbolchini jamoada ko‘rishni xohlamoqda.
Manbaga ko‘ra, Mourinyo klub prezidenti Florentino Peresga mudofaa chizig‘ini kuchaytirish niyati haqida ma’lum qilgan. Peres esa murabbiyning iltimosiga rozilik bildirib, Gvardiolni sotib olish uchun harakat qilishga va’da bergan.
Avvalroq Kataloniyaning “Barselona” klubi ham xorvat himoyachisiga qiziqish bildirgani haqida xabarlar chiqqan edi.
Joriy mavsumda Gvardiol “Manchester Siti” safida 25 ta o‘yinda qatnashib, 2 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt uning bozor qiymatini 70 million yevro, deb baholagan.

Fikrlar