
Mundial startiga 27 kun qoldi! Osiyoda engilmas jamoaga aylanib ulgurgan, JCh-2022'dan chetlatilish arafasida turgan Eron haqida gaplashamiz
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. SPORTS.uz ketma-ketlik bilan sizni Mundialda ishtirok etuvchi termalar bilan tanishtirishda davom etadi.
Shu paytgacha biz Qatar, Ekvador, Senegal, Niderlandiya hamda Angliya terma jamoalari bilan sizlarni tanishtirib o‘tdik. Endi navbat "B" guruhidan o‘rin olgan hamda Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblangan Eronga keldi. Demak, bizga saralashlarda doim bosh og‘riq bo‘lib kelgan forslar haqida batafsil gaplashamiz:
Eron terma jamoasi, Eron Islom Respublikasi Futbol Federatsiya (FFIRI)
Tashkil topgan: 1920 yil (FIFA'ga 1948 yilda a’zo bo‘lgan)
Bosh murabbiy: Karlush Keyrosh
Jamoa sardori: Ehsan Hajsafi
Ilk rasmiy bahsi: Afg‘oniston - Eron 0:0 (1941 yil)
Eng yirik g‘alaba: Eron - Guam 19:0 (2000 yil)
Eng yirik mag‘lubiyat: Turkiya - Eron 6:1 (1950 yil)
Ayni dam mazkur terma jamoa FIFA reytingida 20-o‘rinni band etib turibdi. Ularning reytingda eng yuqori ko‘rsatkichi 15 (2005), eng pasti esa 122-o‘rinni (1996) tashkil qiladi.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Eron bunga qadar 5 ta Mundialda ishtirok etgan (bu safargisi forslar uchun oltinchi bo‘ladi). Ular ilk bor 1978 yilda Jahon chempionatida ko‘rinish bergan. Shunday bo‘lsa-da, ular hali guruh bosqichidan chiqish missiyasini uddalay olmagan. So‘nggi Mundialda (Rossiya-2018) forslar Portugaliya, Ispaniya hamda Marokash termalari bilan guruhdan joy olgan. O‘shanda ular ajoyib tarzda ishtirok etgandi. Dastlabki bahsda Ispaniyaga mag‘lub bo‘lgan (0:1) Eron, ikkinchi turda Marokashni taslim etgan (1:0). Portugaliya bilan o‘tgan bellashuvda esa 1:1 hisobi qayd etilgandi. Ular "B" guruhida 4 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan va pley-offga ancha yaqin kelgandi.
Turnirgacha bosib o‘tilgan yo‘l
Eron JCh-2022ga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. 2-bosqichda ular Iroq, Bahrayn, Gongkong hamda Kamboja kabi termalar bilan bir guruhdan joy oldi. Mazkur bosqichda ular 18 ochko bilan o‘z guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ular bilan birgalikda 17 ochkoga ega Iroq ham keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi. 3-bosqichda esa ular Janubiy Koreya, BAA, Iroq, Suriya hamda Livan bilan Mundial yo‘llanmasi uchnu kurashdi. 10 uchrashuvning 8 tasida zafar quchib, 1 durang va 1 mag‘lubiyatni qabul qilib olgan forslar 25 ochko bilan "A" guruhi peshqadami sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Mundialga yo‘l oldi. 23 ochko bilan 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya ham Qatar yashil maydonlarida o‘tadigan Mundialda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
JCh-2022'ga tayyorgarlik jarayonida Keyrush shogirdlari bir qator o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazdi. Keling, so‘nggi 3 o‘rtoqlik uchrashuvi natijalariga e’tibor qaratamiz:
Eron - Senegal 1:1
Urugvay - Eron 0:1
Jazoir - Eron 2:1
Ko‘rinib turibdiki, Eron har qanday kuchli terma bilan ham tengma-teng kurash olib boradi. Ayni vaqtda mamlakatda siyosiy muammolar mavjud. Terma futbolchilarining o‘zi jamoani Mundialdan chetlatishni so‘ramoqda. Bu haqda gapirishni lozim topmadim. Mazkur holat haqida SPORTS.uz'da batafsil ma’lumot berganmiz. Qiziqsangiz, kirib o‘qing!
JCh-2022'dagi taqvimi
21 noyabr
18:00 Angliya - Eron
25 noyabr
15:00 Uels - Eron
30 noyabr
20:00 Eron - AQSh
Eron - AQSh bahsi o‘zgacha ahamiyatga ega. Sabablarni yozish shart emas, nazdimda. Dunyodagi voqealarga bee’tibor bo‘lmagan inson buni tushinadi.
Xudayqulov Karim tayyorladi
Fikrlar