Mundialda Ispaniya darvozasini qo‘riqlagan posbon vafot etdi
Ispaniya milliy terma jamoasi va Bilbaoning “Atletik” klubi sharafini himoya qilgan afsonaviy darvozaboni Karmelo Sedrunning 95 yoshida vafot etdi.
Sedrun 14 mavsum davomida “Atletik” darvozasini qo‘riqlab, basklar klubi tarixidagi eng buyuk darvozabonlardan biri sifatida e’tirof etilgan. U asosiy jamoa safida jami 404 ta o‘yinda ishtirok etgan. Ilk uchrashuvini 1951 yil 15 aprel kuni “Sevilya”ga qarshi bahsda o‘tkazgan.
Faoliyati davomida u Ispaniya chempionligi (1955/56), uch marta Ispaniya kubogi (1954/55, 1955/56 va 1957/58) hamda keyinchalik mamlakat Superkubogining ilk ko‘rinishi hisoblangan Eva Duarte kubogini (1950) qo‘lga kiritgan.
Ayniqsa, 1958 yildagi Ispaniya kubogi finali klub tarixida alohida o‘rin tutadi. O‘shanda basklar Yevropa chempionlar kubogining amaldagi sohibi bo‘lgan “Real”ni mag‘lub etgan.
2019 yilga qadar Sedrun Ispaniya chempionatida ketma-ket eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha klub rekordiga egalik qildi. U 1952–1957 yillar oralig‘ida 132 ta ketma-ket uchrashuvda maydonga tushgan. Keyinchalik bu natijani Inyaki Uilyams yangiladi.
Karmelo Sedrun Ispaniya terma jamoasida 1954 yilda debut qilgan va jami 13 ta o‘yin o‘tkazgan. Shuningdek, u 1962 yil Chilida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida milliy jamoa darvozasini dastlabki ikki bahsda qo‘riqlagan.
Karmelo Sedrunning o‘g‘li Andoni Sedrun ham “Atletik” darvozaboni bo‘lgan. Nabirasi Markel ham oila an’anasini davom ettirishga urinagan, ammo klubning asosiy tarkibidan joy ola bilmagan.

Fikrlar