Murod Aliev "Bunyodkor"ning irodali g‘alabasi va O‘rozovning turk klubiga transfer narxi haqida ma’lumot berdi

  • 15 avgust, 2023, 11:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Bunyodkor” uzoq muddati g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi. Superliganing 16-turida o‘z uyida “Andijon”ni irodali tarzda mag‘lubiyatga uchratdi. Bu esa “Bunyodkor” klubi direktori va yangi bosh murabbiyning ilk g‘alabasiga aylandi.

Tecno

Ko‘rinib turibdiki, “Bunyodkor”da salohiyat yuqori. Iqtidorli o‘yinchilari har qanday raqibni shoshirib qo‘yishga qodir. Klub iqtidorlari esa hamma vaqt xorij skautlarining e’tiboridalar. Masalan, yaqinda Jahongir O‘rozov Turkiya birinchi divizion qatnashchisi “Eyyupspor” klubiga yo‘l oldi.

“Bunyodkor” klubi direktori Murod Boqievich bilan suhbat jarayonida yuqoridagi masalalar bo‘yicha fikr bildirdi.  

- Murod Boqievich, “Bunyodkor” nihoyat uzoq kutilgan g‘alabasiga erishdi. Dastlab shu xususida to‘xtalsangiz.

- O‘yin chiroyli o‘tdi. “Andijon” jamoasi ham o‘ziga xos va mos usulda o‘ynadi. Bosh murabbiyning ishi ko‘rinib turibdi. U bir necha yillardan beri O‘zbekistonda ishlab bu erdagi futbol havosini olgan. O‘zining taktikasi va yo‘nalishi bor. Shunday mutaxassislar ishlayotganidan xursandman. Jamoa legioneri darvozamizga chiroyli gol urdi. Qolgan legionerlari ham saviyali futbolchilar. Ayniqsa, hujumchi Rubin Xebay havas qilsa bo‘ladigan o‘yinchi. O‘zimizni jamoaga kelsak, yutishimiz shart edi. Oxirgi paytlarda bizda durang va mag‘lubiyatlar ko‘payib ketgandi. Yangi murabbiy juda yaxshi mehnat qilyapti. Unga vaqt kerak edi. Krestininni birinchi o‘yini “So‘g‘diyona” bilan kechdi, ammo o‘xshamadi. Biz uchun omadsiz bo‘ldi. Lekin futbolchilarimizga ishonardik. Eng muhimi natija. Endi o‘zimizni legionerlarimizga kelsak, braziliyalik o‘yinchimiz jarohat oldi. Igor Ivanovich “Andijon”ga qarshi o‘zini juda yaxshi ko‘rsatdi. Eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Milan Marchichga moslashishi uchun yana biroz vaqt kerak. U ikkinchi o‘yinini o‘tkazdi. Qolaversa, o‘zimizning yoshlar ham etishib chiqyapti. “Bunyodkor” har doim iste’dodli yoshlar jamoasi bo‘lgan. O‘ylaymanki, ular yomon o‘ynashmadi. “Andijon”ga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Bu jamoa bir nechta turdan beri yutqazmasdan kelayotgandi. Jamoaning muxlislariga 10 ball qo‘ysa bo‘ladi. Ular nihoyatda faol. O‘ylaymanki, shunaqangi ishqibozlar “Bunyodkor”da ham ko‘payadi. Hozir har bir uchrashuv qiziqarli kechyapti, oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Bu yoqda “Turon” yana qayta jonlanib, o‘z kuchini namoyish etyapti.

bunyodkor2_4

- “Bunyodkor” Krestinin boshchiligida bir mag‘lubiyat va durang qayd etgandi. Shunday ekan, xavotiringiz bormidi?

- Xavotir har doim bo‘ladi. OKMK bilan uchrashuvda bizda ko‘proq imkoniyatlar bo‘lgandi. O‘ylaymanki, hammasi o‘z joyiga tushadi. Xabaringiz bor, yangi bosh murabbiy Krestinin ikkinchi davra oldidan keldi. Tarkibni boshida boshqa murabbiy yig‘gan. Xorij yig‘iniga umuman boshqa murabbiy bilan ketishgan. O‘yin uslubi ham boshqacha bo‘lgan. Futbolda omad ham kerak. Boshida 3-4 ta tur yaxshi o‘ynashdi, keyin qanaqadir sifat ketib qoldi. Bu yilgi mavsumni Xudo xohlasa yaxshi tugatib olsak, keyingi yilga jamoani boshqacharoq tayyorlaymiz.

- Yaqinda jamoa tarbiyalanuvchisi Jahongir O‘rozov Turkiyaga ketdi. Uning turk klubiga ketishi qanday yuz berdi? Transfer narxi qanchani tashkil qilyapti?

- Jahon chempionatiga chiqishganidan keyin u erda skautlar ko‘rishgan. Bungacha O‘rozovga Qatar va yana boshqa mamlakatlardan takliflar bo‘lib turgandi. Avvalambor, yaxshi pul taklif qilishsa, uni o‘sha klubga berish kerak. Bundan klub ham, futbolchi ham manfaatdor bo‘lishi lozim. Faqat qaerga ketyapti, o‘sish bo‘ladimi, shu tomonlariga e’tiborli bo‘lish muhim. Unga Turkiya varianti paydo bo‘ldi, bizga yomon taklif bergani yo‘q. Nasib qilsa, umumiy transfer narxi 300 ming evroga baholanyapti. Shartnoma ham qilinyapti. Biz birinchi navbatda futbolchining xohishidan kelib chiqib ish ko‘ramiz. Agar o‘zida istagi bo‘lmasa yubormaymiz. OKMK bilan ham yomon o‘yin ko‘rsatmagandi. Futbolchi bilan kelishdik, o‘zi ham ketishni xohladi. Ammo biz O‘rozovni yana bir yil “Bunyodkor”da qolib, keyin ketishini istagandik.

aliev_2

- “Bunyodkor”ga qachondan pul o‘tkazishni boshlashadi?

- Aytganimdek, kelishuvimiz 300 ming evro, bo‘lib-bo‘lib to‘laydi. Hamma narsa to‘g‘ri bo‘lsa, 15 sentyabrda “Bunyodkor” hisob raqamiga 100 ming evro tushiradi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!