
Murodjon Ahmadalievni Namanganda tantana bilan kutib olindi. Unga yana bitta moshina berildi (Foto)
Professional boksning IBF va WBA Super versiyalari bo‘yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliev o‘zi tug‘ilib o‘sgan Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Pop tumanidagi viloyat chegarasida chempion bokschini viloyat hokimi o‘rinbosari Faxriddin Matkarimov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shokirjon Qoraboev, viloyat jamoatchiligi vakillari, sportsevarlar, do‘stlari va yaqinlari, jurnalistlar kutib oldilar.
Murodjon Ahmadaliev Pop hamda Chust shaharlarida bo‘lib, o‘z g‘alabasidan xursand hamyurtlar hamda yoshlar bilan uchrashdi. Qo‘llarida bayroqlar hamda plakatlar bilan yo‘l bo‘ylarini to‘ldirgan yoshlar, xursandchilik hislarini olqishlar bilan namoyish etdilar.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov sportchini olamshumul g‘alaba bilan qutlab, qolgan ikki versiyada ham chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritishiga umid bildirdi.
Namangan shahridagi viloyat Madaniyat markazida Murodjon Ahmadalievning viloyat yoshlari hamda boks ixlosmandlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda chempion bokschiga to‘n kiydirilib, viloyat hokimligi sovg‘asi – “Damas” avtomobili taqdim etildi. Murodjon sahnadan pastga tushib, avtomobil kalitini o‘z g‘alabalarining me’mori bo‘lgan ota-onasiga topshirgani olqishlar bilan kutib olindi.
Uchrashuv yoshlarning Murodjon Ahmadalievga turli mavzulardagi savollari bilan davom etdi.
Eslatib o‘tamiz, Murodjonga avvalroq Prezident sovg‘asi “Tracker” avtomobili va Toshkentdan 3 xonali uy taqdim etilgandi.
Fikrlar