
Muxlislar Superligani sog‘inishmadimi yoxud 1-turda tomoshabinlar tashrifi kimda qanday?
1-4 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining dastlabki tur bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. 3 oylik tanaffusdan keyin jamoalar yana chempionat o‘yinlariga qaytdilar hamda ilk rasmiy bahslarda maydonga tushishdi.
Bahor fasli kelishi bilan odatda yurtimizda futbol mavsumi ham boshlanishini muxlislar intiqlik bilan kutadilar. Har xolda ko‘pchilik shunday o‘ylaydi. Birinchi turdan buning natijasini stadionlarda amalda ko‘ramiz, deb o‘yladik. Lekin biz kutgan raqamlar hosil bo‘lmadi.
Namanganda “Navbahor” “Dinamo”ga qarshi bahs orqali Superligadagi ishtirokini boshladi. Bu o‘yinda eng ko‘p tomoshabin to‘planish kutilgandi. Aslida ham shunday bo‘ldi, biroq u qadar kutilgan darajada emas. Rasmiy protokolda muxlislar soni 7891 nafar deb yozilgan. Bu “Navbahor”dek klub uchun kam, albatta. Boz ustiga chempionatning ochilish o‘yini edi. Bunday pallada stadion deyarli to‘lishi taxmin qilingandi.
Undan keyin eng ko‘p muxlis yig‘ilgan uchrashuv sifatida “So‘g‘diyona” – “Neftchi” qarama-qarshiligini aytish mumkin – 1810 nafar. Aslida bu juda past ko‘rsatkich. Lekin raqamlar aldamaydi va 1-tur kutilgan tashrifni keltirib chiqargani yo‘q. Qarshida “Nasaf” va “Olimpik” noqulay ob-havo sharoitida, qor yog‘ib turgan mahalda o‘tkazildi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, ishqibozlar ko‘p bo‘lmadi.
Eng kam muxlis “Bunyodkor” – “Qizilqum” uchrashuvida kuzatildi. Xayhotdek stadion deyarli huvillagan holatda edi. Arenada bor-yo‘g‘i 251 tomoshabin xolos. Olmaliq va Toshkentdagi o‘yinlarda ham muxlislar 1000 nafarga ham etgani yo‘q. OKMK – “Andijon” bahsida 890 ishqiboz yozilgan. Ularning yarmi Andijondan kelgan. “Lokomotiv” – “Metallurg” o‘rtasidagi o‘yinda 812 nafar muxlis kelgan. Ularning orasida “Lokomotiv” bilan birga “Metallurg” ishqibozlari ham bor. 1-turda jami muxlislar soni 13497 tani tashkil qildi.
Negadir tomoshabinlar tashrifi hozircha ancha kam. Balki ikkinchi turda bu borada o‘sish kuzatilar. Har xolda “Andijon” ham o‘z uyida o‘ynaydi...
1-turda tomoshabinlar tashrifi
“Navbahor” – “Dinamo” – 3:1. 7891 tomoshabin
“Nasaf” – “Olimpik” – 2:0. 1154 tomoshabin.
“Bunyodkor” – “Qizilqum” – 1:3. 251 tomoshabin.
“So‘g‘diyona” – “Neftchi” - 1:2. 1810 tomoshabin.
OKMK – “Andijon” – 0:0. 890 tomoshabin.
“Lokomotiv” – “Metallurg” – 2:2. 812 tomoshabin.
“Surxon” – “Paxtakor” – 0:3. 689 tomoshabin.
Jami: 13497
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
3-tur yoki 5- tur