
Muxlislar xavotirda: "Andijon"da ahvol qanday? Tarkib nega kuchaytirilmayapti? G‘alabasiz o‘yinlar bosh murabbiyning iste’fosini yaqinlashtiryaptimi? Yoxud Viktor Kumikov klubdagi vaziyat haqida gapirdi
“Andijon”ning ushbu mavsumdagi ishtiroki qoniqarsiz davom etayotgani doimgidiek, uning ashaddiy ishqibozlarini darg‘azab qilmoqda. Boisi, hali g‘alaba qozonishni uddalay olgani yo‘q, raqiblariga esa ochkolarni ulashmoqda. Axir bunday vaziyatda qaysi muxlis qoniqish hosil qilsin?!
Vaziyatni o‘nglash uchun klubda bosh murabbiy almashtirilganini ham bilasiz. Aleksandr Xomyakovdan so‘ng Viktor Kumikov “Andijon”ni boshqarishga kirishdi. Ammo hali buning natijasi ko‘rinmayapti. To‘g‘ri, eng ko‘p durang hozircha andijonliklarga tegishli bo‘lib turibdi. Ammo umumiy ma’noda aytganda, g‘alabasiz seriyaning davom etayotgani va tarkibning raqobatbardosh emasligi evaziga ham jamoa katta qiyinchiliklarga duch kelyapti.
10 avgustdan transfer oynasi ochilgan bir mahalda boshqa klublar tarkiblarini kuchaytirish ishlari bilan band. Lekin bu borada “Andijon”da biror-bir harakat ko‘zga tashlanmayapti. Holbuki, tarkib kuchaytirilishga muhtoj, biroq hali jamoani kuchaytira oladigan o‘yinchilar qo‘shilgani yo‘q. Hayronmiz, bunday tarkib Viktor Kumikovni qoniqtiryaptimi? Uning rejalari qanday? Jamoani kuchaytirish uchun nimalar qilyapti? Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda Viktor Balyutovichga beriladigan savollarimiz to‘planib qolgandi. Kumikov esa suhbatlashish taklifimizga ijobiy javob qaytardi.
- Viktor Balyutovich, tayyorgarlik ishlari qanday ketyapti? Aftidan, kayfiyatingiz ham yaxshi emasdek ko‘rinadi...
- Mashg‘ulotlar - hammasi reja asosida ketmoqda. Barcha jon-jahdi bilan mashq qilmoqda. Bunday jarayon qanday ketishini esa o‘zingiz yaxshi bilasiz. Tarkibga kimlar kelib qo‘shilgani, kimlar ketishi hali mavhum. Ayni paytda ixtiyorimizda bor bo‘lgan futbolchilar bilan shug‘ullanyapmiz xolos.
- Ayting-chi, hozirgacha klub tarkibiga kimlar kelib qo‘shildi?
- Hozir bu xususida batafsil gapirishga hojat yo‘q, nazarimda. Asosan jangovor kayfiyatdagi yosh yigitlarni ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Ularning birortasi bilan hali to‘laqonli kelishuvga erishilgani yo‘q.
- Kechirasiz, tarkibdan Islom Abdullaev, Jahongir Abdumo‘minov va Mishel Ibe kabi futbolchilar ketdi...
- Abdumo‘minovning ketgani aniq. Abdullaev bilan bog‘liq masala hali to‘la echim topmagan. Bilasiz, u ijara asosida “Andijon”da o‘ynadi. Eshitishimcha, unga qo‘ng‘iroq qilishgan. Uning “Qo‘qon-1912”ga qaytishi endi faqat o‘zigagina bog‘liq emas. Ochig‘i, bilmayman, balki qayt, deb qo‘ng‘iroq qilishgan bo‘lsa, Abdullaev Qo‘qonga qaytishi mumkin. Abdullaev Qo‘qonga ketgan, bu yog‘i qanday bo‘lishini men emas, balki rahbarlar hal qilishadi. Ibe haqida ham sizga tayinli gap aytishim dargumon. Uning “Andijon”da qolish yo qolmasligi haqida aniq gap ayta olmasam kerak.
- Nima sababdan tarkib kuchaytirilmayapti? Masalan, hujum chizig‘ida muammolar yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi...
- Kuchli hujumchilarni tarkibga jalb qilish uchun pul kerak. Bizda esa moliyaviy holatimiz u qadar zo‘r emas. Shuning uchun ham tarkibda hujumchilar bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan.
- Jamoa tarkibidagi moldaviyalik Artyom Litvyakov ishonchni oqlayapti, deyish qiyin. Chunki u “Andijon” tarkibida hali o‘zini ko‘rsatgani yo‘q. Ayting-chi, gol urmayotgan hujumchi sizga kerakmi?
- Quloq soling, hozircha bizda boshqa hujumchi yo‘q. Agar yangisini topib berishsa u bilan xayrlashishim mumkin. Bilasiz, biror-bir klub hujumchilarsiz o‘ynay olmaydi. Uni kim olib kelgan bo‘lsa, taqdirini ham o‘zi hal qilishi kerak. Ayni chog‘da bizda hujumchilar muammosi yaqqol ko‘zga tashlanib turgani bois undan voz kecha olmasak kerak.
- Viktor Balyutovich, bu sizning murabbiylik faoliyatingizdagi eng qiyin damlardan biri, deyish mumkinmi?
- (Kulgancha) Ha, shunday desa ham bo‘ladi, bu masalada unchalik adashganingiz yo‘q. Shunaqasi birinchi bor kuzatilyapti.
- Pandemiya futbolchilarga qanday ta’sir o‘tkazyapti?
- Bu haqida gapirishga hojat yo‘q. Axir karantin tufayli futbolchilarning o‘yin amaliyoti deyarli izdan chiqib bo‘lgan. Albatta, ularga karantin chog‘ida individual tarzda shug‘ullanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Eng asosiy muammo shundaki, o‘yinlarning yo‘qligi futbolchilarga ham ruhan, ham jismonan salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmayapti. Ustiga-ustak karantin hali to‘laqonli nihoyasiga etgani yo‘q.
- Shunday tarkib va moliyaviy vaziyat bilan “Andijon”ning Superligada o‘z o‘rnini saqlab qolishiga ishonasizmi? Qolaversa, klubning g‘alabasiz seriyasi ancha cho‘zilib ketdi...
- Gapingiz rost, g‘alabasiz seriyaning cho‘zilib ketgani, ustiga-ustak karantin choralari tufayli yuqorida aytganimdek, hammasi o‘yinchilarimizga aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmayapti. Uchrashuvlar qayta boshlanib, bir-ikki bellashuvda g‘alaba qozonadigan bo‘lsak, ishonamanki, hamma ishlarimiz iziga tushib ketadi.
- Shu paytgacha shogirdlaringizning o‘yinini tribunada kuzatib keldingiz. Bu hol ularga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak?
- Bo‘lmasam-chi! Buning ustiga kiyim almashtirish xonasiga ham tushishimga ruxsat yo‘q edi. Tribunada o‘tirib baqirgancha nimalarnidir tushuntirishga harakat qildim. Men uchun eng qulay joy zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgancha jamoam o‘yinini boshqarishdir.
- Jamoa ishqibozlari “Andijon”ning taqdiridan xavotirga tushib qolishgan. Ularga nima degan bo‘lardingiz?
- Xavotirlanishga asos yo‘q, chamamda. Muhimi, biz ishlayapmiz. Zimmamizdagi o‘z vazifamizni bajaryapmiz. Pullarning yo‘qligi barchamizga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti xolos. Qiyin davrdan birgalikda chiqib ketamiz, deb umid qilyapman. Bunday sharoitdan ishqibozlar, o‘yinchilar va biz murabbiylar shtabi vakillari birgalikda chiqib ketamiz. Shunga harakat qilamiz.
- Ammo bizga jonkuyar muxlislar tez tez qo‘ng‘iroq qilib, “Andijon” klubidagi vaziyat qanday ekanligi, tarkibda qanday o‘zgarishlar borligi haqida so‘rab turishadi. Siz bunga nimani qo‘shimcha qilgan bo‘lardingiz?
- Hozircha aniq bir narsa deyishim qiyin. Lekin tarkibda o‘zgarishlar bo‘lgan zahoti bu haqida siz jurnalistlarga albatta aytib beraman. O‘zgarishlarni muxlislar matbuot orqali bilib olishadi.
- G‘alabasiz o‘yinlar seriyasi tufayli iste’foingiz tezlashib ketishi mumkinligidan xavotirga tushmaysizmi?
- Bu hol meni unchalik xavotirga solmaydi. Chunki bunday holat istalgan murabbiy bilan sodir bo‘lishi mumkin. Hozircha buni o‘ylamayapman. Aksincha, vaziyatni o‘nglash maqsadida bor kuchim bilan ishlayapman. Albatta, biz g‘alaba qozonishni, bu bilan muxlislarni quvontirishni istaymiz. Aksiga olib sira buning iloji bo‘lmayapti. Biroq hammasi o‘tkinchi. Hayotda barcha ish kishi istaganidek kechavermaydi. Asosiysi, men o‘z ishimni iloji boricha sidqidildan bajarishga harakat qilyapman.
- Demak, jamoani hozirgi holatidan qoniqish hosil qilyapsiz ekan-da?..
- Yo‘q, albatta. Agar biz mashq qilayotgan bo‘lsak, lekin natijalar ko‘ngildagidek chiqmas ekan, bundan qanday qilib ko‘ngil to‘lishi mumkin?! Ayniqsa, uydagi uchrashuvlardan ayrimlarini boy berganimiz ko‘nglimizni xira qildi. Shu bois xatolar ustida ishlashga harakat qilyapmiz. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri saboq chiqarsak, ishlarimiz o‘z samarasini berishiga ishonaman. Yana qaytaraman, anchadan beri moliyaviy masalada ishlarimiz ko‘ngildagidek emasligi barchamizga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Kim ham bepul ishlashni istardi...
- Ustiga-ustak birinchi davradagi oxirgi uchrashuvlar Toshkentda tashkil etiladi. Bu holat jamoaga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- Vaziyatdan xulosa chiqargan holda ish tutish o‘rinlidir. O‘ynamasdan yurishdan ko‘ra Toshkentda to‘p surish albatta yaxshi. Oldinda to‘rtta o‘yin turibdi. Ularni Toshkentda iloji boricha yaxshi natijalar bilan yakunlashga harakat qilamiz. So‘zim oxirida yana shuni takrorlashni istardimki, biz avvalo muxlislarimizni quvontirish maqsadida ishlayapmiz. Umid qilamanki, jamoadagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradi va natijalar o‘z-o‘zidan yaxshilanadi.
Fikrlar