"Nasaf" ayrim vaziyatlarda bizni kechirdi, kuchayishimiz shart" - Asror Aliqulov yana nimalarni aytdi?
Superliganing 13-turida voha derbisi bo‘lib o‘tdi. G‘uzorda “Mash’al” “Nasaf”ni qabul qildi. Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda 1:3 hisobida “Nasaf” g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Birinchi navbatda “Nasaf”da to‘p nazorati yaxshi va ajoyib futbolchilarga ega. Individual mahoratli o‘yinchilari bor, ayniqsa, hujum chizig‘i va qanotlarda. Munosib tayyorgarlik ko‘rishga harakat qildik. Bo‘shliq qoldirmaslik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash...Birinchi golda oddiy holatda to‘p yo‘qotdik va “Nasaf” bizni jazoladi. Birinchi bo‘limdagi ustunlik raqib tomonida edi. Ikkinchi bo‘limni yaxshi boshladik, gol urdik. Keyin biroz sustkashlikka yo‘l qo‘ydik va ikkinchi golni o‘tkazdik. “Nasaf” yaxshi himoyalandi va qarshi hujumda bizni yana jazoladi. Futbolchilarga mehnati uchun minnatdorchilik bildiraman. Ular mehnat qilishdi. Biroq zaxiradan maydonga tushgan o‘yinchilar o‘yinni kuchaytira olmadilar.
- “Mash’al” “Nasaf”ga ikkinchi taym boshida ochiq futbol taklif qildi. Yopiq o‘yin orqali natijaga erishish ma’qul emasmidi?
- Biz hisobda ortda borayotgandik. “Nasaf” jamoasidan to‘pni olib qo‘yish oson emas. Terma jamoa a’zolari ko‘p. “Nasaf”ni to‘p bilan nazorati juda yaxshi. Ulardan to‘pni olib qo‘yish qiyin edi va shu bois bosim uyushtirishga harakat qildik. Xato qilishga undadik. Ikkinchi bo‘limni yaxshi boshladik. “Nasaf” hujumga chiqishga qiynaldi. Raqib tezlik va to‘p bilan ishlashda bizdan ustunlik qildi.
- Birinchi taymda yaxshi o‘ynay olmadi. Ikkinchi taymni boshqacha boshlagandi. O‘yin boshidan shunday o‘ynaganida balki boshqacha natija bo‘lishi mumkinmidi?!
- Bu erda taktikada emas, balki ko‘proq ularni Superligaga tayyorgarligida. To‘pni nazorat qilyapsizmi, xohlaymizmi-yo‘qmi, har bir jamoa bosim qiladi. “Nasaf” bosim qilyapti, oddiy holatlarda to‘p yo‘qotyapmiz. 1:0 hisobida yutqazayotganimizda ruhiy pasayish va bosim bo‘ldi. Bu erda gap taktikada emas. Futbolchilarni hammasi ham Superligaga tayyor emas.
- Ikkinchi taymni boshqacha boshlashdi. Tanaffus paytida nima degandingiz?
- Himoyada bo‘shliqlar bor edi, shularni yopishga harakat qildik. “Nasaf”ga himoyadan hujumga o‘tishida bosim uyushtirdik. Hujumga chiqishini qiyinlashtirdik. O‘zimiz ham yaxshi imkoniyatlar yarata oldik. Gol urgandan keyin yana hujumda edik. Afsuski, to‘p yo‘qotib qarshi hujumda to‘p o‘tkazib yubordik.
- Uchala golda ham himoyachilar bo‘shlik qilishdi, deb o‘ylaysizmi?
- O‘zim himoyachi bo‘lganim uchun bunga ko‘p e’tibor qilamiz. To‘p bilan yaxshi o‘ynaydigan futbolchimizda bosh bilan o‘ynashda muammolari bor. Selektsiyada kamchiliklarimiz bor. Himoyachilarni xatolari yaqqol ko‘rinib turibdi. “Nasaf” bir-ikkita vaziyatlarda bizni kechirdi. Markaziy himoyachilarimiz to‘p oshirishda xatolarga yo‘l qo‘yishyapti.
- “Mash’al” boshida qiyin ahvolda edi. Hozir esa turnir jadvalining o‘rtasida ketyapti. O‘zgarishlar kutsak bo‘ladimi?
- O‘zgarishlar qilishimiz kerak. Smetamizga bog‘liq. Bunaqa saviyada o‘ynash uchun baribir futbolchilar kerak. Maqsadga yarasha yaxshiroq himoyachilar zarur. Hamma tomonlarini o‘ylayapmiz. Doim ham biz o‘ylagandek bo‘lmaydi. Raqiblar kuchli. Jamoaviy o‘yin orqali ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qilyapmiz. Kuchayishimiz shart. Ikkinchi davrada og‘ir o‘yinlar bo‘ladi.
- Klubda smeta kam. Ammo jamoaviy o‘yini yaxshi. Qanday ruhlantiryapsiz?
- Smetani esdan chiqarganmiz. Rahbariyat tomonidan smeta bo‘yicha taklif qilingan summalarga futbolchilar ko‘nishgan. Homiyimiz tomonidan vaqtida pullar to‘lanyapti, rahmat aytamiz. Biz ko‘proq futbol to‘g‘risida o‘ylayapmiz. Murabbiylar shtabiga ham minnatdorchilidik bildiramiz, hammamiz bir jamoa bo‘lib ishlayapmiz. Kamtarona yutuqlarimiz jamoamizni birdamligi bilan bog‘liq.
- Muborakka qachon futbol qaytadi?
- Bilmadim. Asosiy muammolar - chim, VAR. Yoritish tizimiz o‘rnatilgan. Bularga e’tibor qilmayapmiz. Hamma joyda maydonlar yaxshi, VAR tizimi bor. Yaxshi o‘yinchi uchun uyda yoki raqib maydonida o‘ynashda farq bo‘lmasligi kerak. Uyda o‘ynasangiz muxlislar oldida ishtiyoq baland bo‘lishi mumkin, raqibda ham shunaqa.



Fikrlar